Buch lesen: «Allamjonov aybdor»
Soʻzboshi
Bu kitob nega kerak?
Kitob yozishdan maqsad uchta boʻlishi mumkin. Bundan ikkisi menga taalluqli emas.
Birinchisi – pul ishlash. Menda bunday zarurat yoʻq.
Ikkinchisi – qanchalik zoʻr ekanimni butun dunyoga namoyish etish. Lekin oʻzimizda ham, chet elda ham koʻpchilik meni taniydi, borimcha biladi. Shunday ekan, hech kimni alday olmayman.
Va nihoyat, uchinchi sabab – oʻzim istagan insonlarga – oʻn beshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan, atrof-olamga qarab turib: «Bu yogʻiga nima qilsam ekan? Kun sayin oʻzgarib borayotgan jamiyatda qanday yashab ketaman? Orqamda turib beradigan, qoʻllaydigan odamim boʻlmasa ham yuzaga chiqa olarmikinman, kimga kerakman oʻzi? Orzularim ushalarmikin?» deb oʻylanayotgan yoshlarga muhim fikrlarni yetkazish.
Sizga oʻzim haqimda, qanday qilib oyoqqa turganim, hozirgi darajaga yetishimga nimalar turtki boʻlgani haqida gapirib bermoqchiman. Hech narsani nazardan qochirmaslikka harakat qilaman.
Bu kitobni yozishga kirishguncha oʻzimni juda omadli deb hisoblardim. Butun umr omad kulib boqqandek tuyulardi. Mana hozir ham, shinamgina uyimda, oilam davrasida oʻtirib yozyapman. Muvaffaqiyatli biznesim, qiziqarli loyihalarim bor. Peshonaning yarqiragani shu emasmi?!
Lekin boshimdan oʻtgan voqealarni birma-bir eslab, omadim chopgan paytdan koʻra ishim yurishmagan vaqtlar koʻproq boʻlganini tushundim. Bitta muvaffaqiyatga erishish uchun shunchalik koʻp muammoga duch kelgan ekanmanki, buni yuz foiz omad deb ham boʻlmaydi.
Bilasizmi, onam – doya-hamshira. Doyalarga alohida imtiyozlar berilmagan. Bittagina kafolatlangan qulaylik – farzandlarini oʻzi ishlaydigan tugʻruqxonada, ishonchli shifokorlar qoʻlida, hamkasb doʻstlari orasida dunyoga keltirish. Xullas, men tugʻiladigan paytim shuyam oʻxshamagan, onamning ishxonasi sanitariya-dezinfeksiya ishlariga – «moyka»ga yopilib qolgan.
I
Vazir keldi
Goʻdakligimda kattalarning oyogʻi ostida oʻralashib, injiqlik yoki shoʻxlik qilsam, buvim doim: «Uni tinch qoʻyinglar, urishmanglar. Bu bolam ministr boʻladi», – derdilar.
U vazir boʻladi.
Nega unday deganlarini bilmayman. Buvimning fikricha, oilamizda mendan boshqa hech kim ministr boʻlolmasdi. Avtoslesar bilan hamshiraning oʻgʻli bir kun kelib obroʻ-eʼtiborli, katta odam boʻlishini xayolga ham keltirish qiyin edi.
Oyimni savolga tutaman. Ular ham buvim nega bunday deganlarini bilmaydilar.
Mana endi, oradan oʻttiz yildan koʻproq vaqt oʻtib, OʻzMAA1 binosining xolida turibman. Ministr boʻlib. Oʻzbekiston Мatbuot va axborot agentligining direktori maqomiga koʻra vazir hisoblanadi. Kattagina binoning birinchi qavati. Devor, shiftlari toʻkilay deydi, pollari chirib yotibdi, hamma yoq vayrona, chiqindi. Hatto vazirning, yaʼni mening xonamdan kanalizatsiyaning badboʻy hidi anqiydi. Stalin davridan qolgan bu eski imorat oxirgi marta qachon taʼmirlanganini birov eslolmaydi.
Binodagi besh yuzdan ortiq xonaning deyarli hammasini ijarachilar egallab olgan. Xotin-qizlar qoʻmitasi, qaysidir partiyalar, qandaydir nashriyotlar, tadbirkorlar va yana kimlardir. Ichki hovlida mashinalar tiqilib ketgan. Hech kim menga ahamiyat bermaydi, odamlarning unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa oʻtib yuribdi. Ikkinchi qavatning chap qanotidagi kaftdek joy – mana shu OʻzMAA.
Meni jamoaga tanishtirish uchun Bosh vazir oʻrinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov keldi. Tanishtirdi-yu joʻnab ketdi. Majlislar zaliga tipografiyalarning yoshi oʻtib qolgan direktorlari, boshqarma boshliqlari yigʻilgan. Har biri bu tizimda salkam yarim asr – Sovet Ittifoqi davridan beri ishlab keladi. Oʻsha lahzada menga boʻlgan munosabatni aniq his qildim: goʻyo xonaga yosh bola adashib kirib qolgan-u, buvisi mehr bilan: «Bolamni urishmanglar, u vazir boʻladi», deyayotgandek. Xonadagilar menga parvo qilmay, oʻzaro gaplashib oʻtirishibdi. Eshikdan kirib kelgan yoshgina koʻzoynakli yigitchaga eʼtibor qaratgandan koʻra, yonidagi obroʻli hamkasbining suhbati muhimroq ular uchun.
Maosh tarqatish vaqti kelib qolgan, OʻzMAA hisob raqamida esa 18 million soʻm pul bor edi. Bosh buxgalterni chaqirtirdim. Nima qilamiz? Pul qani? Qanday ishlardinglar oʻzi?
– Xavotir olmang, Komil Ismoilovich, tipografiyalar bizga oborotidan 2% oʻtkazsa, maoshni yopamiz.
Bu haqda toʻliqroq maʼlumot berishni soʻrab, oʻzim uchun qiziq narsalarni bilib oldim. Toʻgʻri, tizimdagi hamma tashkilotlar OʻzMAAga boʻysunadi. Yaʼni mantiqan olganda, ular bosh idoraga gap-soʻzsiz mablagʻ oʻtkazishi shart. Ammo hech qachon bunday boʻlmagan. Bosh hisobchi har oy xodimlarga maosh toʻlash vaqti kelganda: «Iltimos, bizga mablagʻ oʻtkazib bering», – deb yalinishga tushadi. Va har gal: «Imkon tugʻilsa, beramiz. Boʻlganda olasizlar», – degan kibrli javobni eshitadi.
– Komil Ismoilovich, ularni koʻndiraman, shu paytgacha amallab kelganmiz, – dedi hisobchi meni «yupatib».
Demak, beshta nashriyot: «Oʻzbekiston», «Oʻqituvchi», «Gʻafur Gʻulom», «Choʻlpon» va «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» oldin oʻzini taroziga soladi. Oxiri rahbariyatning iltimosini bajargan boʻlib, pul oʻtkazadi, xuddi ehson qilgandek.
– Unaqasi ketmaydi, – dedim.
– Iya, Komil Ismoilovich, sohaning kitlari-ku ular! Qoʻying, aralashmang, oʻzim hal qilaman.
Bosh hisobchi yillar davomida quyi tashkilotlardan tilanib pul undirishni oddiy hol deb kelgan. U oʻzicha meni bu yoqimsiz jarayondan asramoqchi boʻldi.
Men OʻzMAAga boʻysunadigan barcha tashkilotlar rahbarlarini katta umumiy majlisga chaqirtirdim. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori oʻsha zahoti ishi koʻpligi, kelishga vaqti yoʻqligini aytdi. «Qarshi boʻlmasangiz, keyin oʻzingizga alohida uchrarman, maylimi, Komiljon?»
Men belgilangan vaqtda keldim. Vazir kursisiga oʻtirdim. Odamlar xonaga kirib chiqib, u yoqdan bu yoqqa yurishibdi. Meni bir tiyinga olishmayapti, xuddi bu yerda umuman yoʻqdekman. Indamay, sabr qilib turdim. Oxiri chidolmadim:
– Marhamat qilib oʻtirib olinglar. Boshlaymiz. Bir-birimizni ozgina hurmat qilaylik.
Hamma joylashib oldi. Menga yov qarash qilib oʻtirishibdi, suhbatning beliga tepdim-da! Eng gigant nashriyot – «Oʻzbekiston»ning direktorini turgʻizdim.
– Qani, gapirib bering-chi, ishlar qanday ketyapti?
– Agar men gap boshlasam, bu yerda ertalabgacha oʻtiramiz, – javob berdi u mensimaygina.
– Kerak boʻlsa, oʻtiramiz, – dedim men. – Boshlang.
Bu haqda hozir gapirish oson, lekin tartib oʻrnatishning oʻzi boʻlmadi. Ishni OʻzMAA direktori nomidan binoda oʻtirgan barcha ijarachilarga xat yozishdan boshladim: «Tez kunda egallab turgan xonangizni boʻshatishingizni soʻrayman».
Ijara toʻlovining sharti oddiy ekan: Agentlik hisob raqamiga arzimagan mablagʻ oʻtkaziladi, qolgan pul naqd beriladi. Xomchoʻt qilib koʻrdim. Oyiga ellik ming dollardan koʻproq pul kelib turgan. Shuncha pul qayoqqa ketgan, bilmayman. Bosh ofisga pul tushadimi, yoʻqmi, hech kimni qiziqtirmagan. Bino esa xarobaga aylanib boʻlgan.
Menga bu pulning keragi yoʻq edi. Qoʻl ostimdagilar sal hayron boʻlishdi. Toʻgʻri, biznes bilan shugʻullanishimni, oʻzimga yarasha daromadim borligini hamma biladi, lekin pul hech qachon ortiqchalik qilmaydi-ku!
Tabiiyki, «Ijarachilarga tegmang», degan iltimoslar yogʻila boshladi. Hech kim issiq oʻrnini yoʻqotgisi kelmasdi. Yuqoridan, vazirlik va idoralardan qoʻngʻiroq qildirib, yangi direktorga bosim oʻtkazishga harakat qilishdi. Faqat Xotin-qizlar qoʻmitasining oʻsha paytdagi raisi Tanzila Kamolovna2, ular uchun ajratilgan yangi binoning qurilishi hali oxiriga yetmagani, ozgina vaqt berilsa, bir yoʻla koʻchib chiqib ketishlarini tushuntirdi. Ularning soʻzini ikki qilolmadim. Qolganlarga qattiq turdim. Bino – bizniki, xodimlarimga sharoit yaratib berishim kerak. Ichki hovli yopildi, uyum-uyum axlat chiqarib tashlandi, xonalar, xoll, yoʻlaklar taʼmirlandi. Bularning hammasi kimning hisobidan boʻlganini gapirishga hojat yoʻqdir-a?! Bino taʼmiri oilaviy biznesimga qimmatga tushdi, oldinda esa hali ish koʻp edi.
Esimda, tadbirlardan birida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov3 bilan uchrashib qoldik. Hozir nima ishlar bilan bandligimni soʻradi. OʻzMAAni boshqarayotganimni aytdim.
– Nima tashkilot edi u, eslatib yuboring? – soʻradi Ramatov.
OʻzMAA shu darajada bor-yoʻqligi bilinmaydigan, mudroq tashkilot boʻlganki, hatto Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari bu Agentlikni birdaniga eslolmadi. Tashkilot rahbarlari Vazirlar Mahkamasi yigʻilishlariga deyarli chaqirilmagan. Direktorini faqat «baxt maktubi» olib turgan gazetalarning muharrirlarigina tanigan – uni olib tashla, buni tahrir qil… Faqat bir marta, janob Tangriyev4 «maʼnaviyatga zarar yetkazganlar»ga (uning nazarida, albatta) qarshi OʻzA orqali ayovsiz kurash eʼlon qilganida, uning dongi hamma yoqqa tarqaldi.
Ammo mening oldimda turgan eng asosiy masala binoni taʼmirlash emas, Agentlik direktorining nufuzini koʻtarish edi, albatta. Xoʻp, buning uchun nima qilish kerak? Mansab guvohnomasini pesh qilib, atrofdan izzat-hurmat kutish befoyda. Yaxshisi, jang sanʼati qoidalarini qoʻllagan maʼqul. Birinchi navbatda asosiy raqibni, kim boshqalarga taʼsiri, soʻzini oʻtkazishini aniqlab, zararsizlantirish shart.
Xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazib, bir kun ichida bir necha kishini ishdan boʻshatdim. Keyin butun jamoa oldida Monitoring markazi direktori Xurshid Mamatovni lavozimidan oldim. Aynan uning guruhi Yaxshiyamki, ishdan ketganimga achingan oddiy jurnalist va blogerlar himoya qilishgani, boʻlmasa bular meni yanchib tashlashga tayyor edi.
Monitoring markazi OʻzMAA ichidagi eng yopiq tuzilma boʻlib, hech qaysi direktor uning ostonasidan hatlab oʻtmagan. Bir kuni xonamdan chiqarkanman, begona kishining kotibimga surbetlarcha oʻshqirayotganini eshitib qoldim. Kotibiyatdagi yigitlar esa indamay turishibdi.
– Siz kimsiz? – soʻradim men.
– Men Monitoring markazidanman! – mensimay javob berdi u.
Ulardan hamma choʻchirdi, chunki oʻzlarini salkam butun olam xoʻjayinlaridek tutishardi.
– Chiqib keting bu yerdan! – aslida bundan qoʻpolroq gapirdim. – Kim boʻlibsiz, xodimlarimga doʻq uradigan?
Koʻrinishidan ziyoli va ogʻir-bosiq rahbardan bunaqa muomala kutmagan haligi kishi dovdirab qoldi. Indamay chiqdi-ketdi. Men oʻsha zahoti Monitoring markazidagilarni yigʻilishga chaqirdim.
Kirib borganimda, hammaning koʻzi menda, birov qiziqib, birov xavfsirab qarab turardi.
– Hozir sizlarga qiladigan yaxshiligim shuki, – dedim Markazning direktori va yana bir necha xodimga, – oʻz arizangizga koʻra ishdan boʻshataman va sizlarni xotiramdan oʻchirib tashlayman!
Monitoring markaziga shu paytgacha amalda hamma ishni yuritgan Dilnoza Ziyomuhammedova5 direktor boʻldi. Hozir u Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari. Fahm-farosatli, harakatchan oddiy xodimlarni direktor oʻrinbosarlari lavozimigacha koʻtardim. Muddat qoʻydim, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, hammani ishga solib yubordim.
Endi eng ulkan va boʻysunmas kit – «Oʻzbekiston» nashriyoti qoldi. Oʻsha, direktori «gapirsam, ertalabgacha oʻtiramiz», – degan nashriyot. Rostdan ham yangi vazirga aytadigan gaplari koʻp ekan – tipografiyadagi qoʻshib yozishlar, talon-tаroj, mulkni oʻzlashtirish holatlarining tarixi juda uzun, Ittifoq davriga borib taqalarkan. Hukumatning barcha doiralari bilan aloqalari zoʻr yoʻlga qoʻyilgan. Hatto qoʻshni davlatlar miqyosida ham. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, hamma hujjatlari joyida.
«Oʻzbekiston» respublikaga vagonlab qogʻoz olib kiradigan nashriyot edi.
Ayrim faktlarni tahlil qilgan holda, katta ehtimol bilan davlat kursida olingan qogʻoz mamlakat ichida bozor narxida sotilganini taxmin qilish mumkin. Oʻrtada juda katta pul aylanardi. Shuning uchun nashriyot direktori meni rahbar sifatida tan olmadi, topshiriqlarimni bajarishni xayoliga ham keltirmadi. «Seriy kardinal» Mahmudjon Zaytaуev6 boʻlib chiqdi. Lavozimida ellik yildan beri oʻtirgan mansabparast, amaldor bu otaxon hech nimadan tap tortmasdi.
Tipografiya doim davlatdan katta buyurtmalar olib, darslik, kundalik va daftarlar chop etsa ham, davlatga foyda keltirmas, aksincha, zararga ishlardi. Aslida daromad kimlarningdir choʻntagiga tushar, tizimda mehnat qilayotgan 650 nafarga yaqin ishchi esa arzimagan maoshini ham vaqtida ololmasdi.
Ularning daromad topish yoʻllarini oʻrganib, «Qoyil!» deb yubordim. Qogʻoz salfetka-sochiqchalar va hojatxona qogʻozi ishlab chiqaruvchilarga oʻram-oʻram chiqindini ham pullashar ekan, shovvozlar! Tabiiyki, undan ham «otkat» – ulush olishgan. Xullas, hamma narsadan pul qilingan. Almisoqdan qolgan nashriyot uskunalari esa tez-tez ishdan chiqar, ularni yangilash va zamonaviy texnikani ishga tushirish zarur edi. Lekin ehtiyot qismlardan ham «otkat» olmasa boʻlmaydi.
Mening hisob-kitobimga koʻra, kimlarningdir choʻntagiga har yili millionlab dollar tushgan. Mamlakatdagi eng yirik nashriyot esa talon-tаroj qilingan, vayron boʻlgan. Lekin bu mening shaxsiy kuzatuv va xulosalarim. Men tergov olib boradigan, kimgadir ayblov qoʻyib, dalil qidiradigan prokuratura emasman. Ammo oʻz fikrimni aytishga haqqim bor, buni menga hech kim taqiqlay olmaydi.
Mayli.
Yangi yil arafasi. Ishchilarga mukofot puli tarqatilsin, deb topshiriq berdim. Korxonaning oʻzida katta sahna qurdik. Sherali Joʻraуev, Yulduz Usmonova kabi sanʼat yulduzlari, taniqli qoʻshiqchilarni taklif qildik.
Oʻziyam rosa qizdirishdi!
Konsertdan keyin, ziyofat oxirida soʻzga chiqdim.
– Kayfiyatlar qalay? – soʻradim yigʻilganlardan. – Nimaga baʼzilarning yuzida xursandchilik koʻrmayapman? Yangi yil bayram-ku? Mana, mukofot puli olgan boʻlishingiz kerak…
Oʻtirganlar orasida gʻala-gʻovur boshlandi. Qanaqa mukofot? Hech kim hech nima olgani yoʻq…
Rahbariyatning rangi oʻchib ketdi.
– Men OʻzMAA direktori sifatida oʻz majburiyatimni bajardim, xodimlarni mukofotlash haqida buyruq berdim. Lekin rahbarlaringiz buyruqni bajarmagan.
– Kechirasiz, hali ulgurmadik… – degan mujmal javoblar eshitildi.
– Agar berilgan topshiriqni bajarmasangiz, sizlarni ishdan olishga majbur boʻlaman, – bu gapni hammaning oldida, mikrofon orqali aytdim.
Ertasigayoq shoshilinch ravishda mukofot puli tarqatildi. Hech qanday protokol-u rasmiyatchilikka qarab oʻtirmasligimni bilib, hayiqishdi, shekilli. Hammaning oldida nimani oʻylasam, oʻshani gapiraman, ishdan shartta boʻshatishim mumkin, arizaga «oʻz xohishiga binoan…» degan yozuvni tirkab, imijimida choponni yelkaga tashlab ketish yoʻq.
Mukofotni vaqtida berish arzimagan masaladek koʻrinishi mumkin, lekin bu yangi rahbarning bir soʻzli ekanini isbotladi. Shundan keyin ishchilarning muammolarini oʻrgana boshladim. Oʻziga xos ochiq eshiklar marafonini eʼlon qildim. Istagan xodim kelib, dardini aytishi, savol yoki taklifini berishi mumkin edi. Ertalabdan boshlangan kirdi-chiqdi yarim kechagacha davom etardi. Toʻylar, maoshlar, taʼtillar, davolanish, ijtimoiy imtiyozlar, xat-hujjat – koʻrmagan masalamiz qolmadi.
Odamlarni ragʻbatlantirish uchun «Oʻzbekiston» nashriyotida ishlaydigan hamma xodimlarning maoshini yaxshigina koʻtardim.
Tipografiya xodimlarini esa ogohlantirdim: kim oʻgʻrilik qilsa, javobgarlikka tortiladi. Toʻgʻri, «otkat»lar bilan solishtirganda bu pul xamir uchidan patirdek edi. Kimlardir baribir eski hunarini qoʻymadi va ishdan boʻshatildi.
Darvoqe, direktorning ham oyligini oshirdim. Undan oldin xususiy bozorda eng zoʻr mutaxassislarning mehnati qanchaga baholanishini surishtirdim. Natijada, direktorning maoshi 2,5 milliondan deyarli 25 millionga chiqdi.
Oyligi rasman qancha ekanini aniqlaganimda, oʻrtamizda noxushroq suhbat boʻlib oʻtdi:
– Milliardlab pul aylanadigan, 650 kishilik jamoaga bosh-qosh rahbar bunaqa arzimagan oylikka ishlashi uchun yo ahmoq boʻlishi kerak, yoki oʻgʻri. Siz qaysi birisiz? – soʻradim kinoya bilan. – Shaxsan men qoʻl ostimda ikkala toifa ham ishlashini istamayman.
Rahbarlar istalgan paytda lavozimidan ayrilishi mumkinligini tushunishdi. Topshiriqni bajarmasa, ishdan olaman. Qattiq va ayovsiz bosim oʻtkazishga toʻgʻri keldi.
Maʼlum vaqtdan keyin direktor qabulimga kelib, «oʻz xohishiga koʻra» lavozimidan ozod etishimni soʻradi. Yoʻq! Aniq bir sabab boʻlsa, boʻshataman, oʻz ixtiyori bilan ketish yoʻq!
Tipografiyalardan biridagi sexda ishchilar yertoʻlada ishlashar ekan. Bino taxminan ellik yildan beri taʼmirlanmagan. Hamma yoqda namgarchilik, zax bosib yotibdi, xonalar nimqorongʻi. Binoni epaqaga keltirish uchun bir hafta muddat berdim. Roppa-rosa bir hafta! Direktor ertasidan ishga chiqmay qoʻydi. Hamma ishni tashlab, yoʻqolib qoʻya qoldi.
Nashriyotlarning rahbarlari qaltis vaziyatda edi. Meni na pora berib, na kimlargadir qoʻngʻiroq qildirib oʻzlariga ogʻdira olishdi. Bunday yuqori lavozim egasiga uncha-muncha odam haddi sigʻib iltimos bilan chiqa olmaydi. Shuning uchun yillar davomida nashriyotlar mablagʻini oʻzlashtirib kelganlar sekingina juftakni rostlashdi.
Yoʻlimizga toʻgʻanoq boʻlayotganlarning ildizini quritish kerak edi. Aks holda, ular ishlashga xalaqit berishlari, ustimdan yumaloq xatlar yozib, oyogʻimdan chalishga harakat qilishlari aniq. Lavozimida qolganlarga har qanday qoidabuzarlik va sabotaj uchun albatta javobgarlikka tortishimni tushuntirib qoʻydim. Yoshi yoki koʻrsatgan xizmatlariga qaramay, hech kimni ayab oʻtirmaymiz, aybdor jazosini oladi.
Moliyaviy tekshiruv OʻzMAAga qarashli «Oʻzbekiston» nashriyoti zararga ishlayotganini koʻrsatdi. Vaholanki, davlat buyurtmalaridan hisob raqamiga milliardlab soʻm tushib turardi. Vaziyatni oʻrganib, tashkilot balansida sohaga aloqasi boʻlmagan qandaydir aktivlar, binolar borligi va ulardan foydalanish uchun juda katta mablagʻ sarflanishini aniqladik.
Eng koʻpxarj bino «Oʻzbekiston» nashriyoti qoshidagi yotoqxona ekan. Xodimlar u yerda oʻn yillab, avlod-avlodi bilan yashaydi. Bino nashriyot balansida. Lekin ular doim ijara haqi toʻlab kelgan.
Yuristlarga masalani oʻrganib, qonuniy yechimini topish boʻyicha topshiriq berdim. Har bir oila ijara xonadonini oʻz nomiga rasmiylashtirsin, yotoqxonada emas, shaxsiy uyida yashasin, dedim. Yechim topildi. Shuncha yil ijarada turgan ellikta oila boshpanali boʻldi.
Har bir xonadonga birma-bir kirib, bir piyola choy ustida mezbonlarni gapga soldim. «Uyni oʻz nomingizga rasmiylashtirishda muammo tugʻilmadimi? Hech kim hech narsa tama qilmadimi? Uyli boʻlish uchun kimningdir choʻntagiga pul solish kerak, degan gaplar boʻlmadimi?» Hammadan bir xil javob eshitdim: «Yoʻq, unaqasi boʻlmadi».
Bu bizning gʻalabamiz edi! Uy taqsimoti uchun javobgarlar, agar ortiqcha gap chiqsa, albatta qulogʻimga yetib kelishini bilib, bir tiyin ham undirishga harakat qilishmagan. Binoni taʼmirlab berishni boʻynimizga olgandik, vaʼdamizning ustidan chiqdik. Ishchilar hovlida katta dasturxon yozib, xudoyi qilishdi. Meniyam taklif etishdi. Soʻzga chiqib, bu uylar yurtimiz Prezidenti hamda Agentlik tomonidan taqdim etilayotgani, hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani va mendan keyin ham ishchilardan uyni hech kim tortib ololmasligini aytdim. Kimdir xursandchiligini ichiga sigʻdirolmay yigʻlagan, kimdir kulgan, hammaning koʻzi chaqnab turibdi, xullas, esdan chiqmaydigan kun boʻldi.
Prezident siyosatining asosi ham odamlar turmushini yaxshilashdir. Men esa komandaning bir aʼzosi sifatida shu ishga ozgina boʻlsa ham hissam qoʻshilganidan mamnun edim.
Shuncha yil omonat uyda hayot kechirish, omonat uyda farzand koʻrib, toʻy-tomoshalar qilish, istalgan paytda koʻchada qolishi mumkinligini oʻylab, qoʻrqib yashash… Hozir oʻz uylarida tinch-xotirjam yashayotgan oʻsha odamlar duolarida meni ham eslab qoʻyishadi, degan umiddaman.
Yana balansimizda respublikadagi yagona matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji ham boʻlib, yopilish arafasida turgan ekan.
Qabulimga direktori keldi.
– Binoni boʻshatib berishimiz kerak, – dedi.
– Xoʻp, yaxshi. Matbaachilarni qaуerda tayyorlaymiz unda?
– Kollejning oʻzi boʻlmaydi! – xoʻmrayib javob berdi direktor.
– Mamlakatda 1600ta matbaa korxonasi ishlab turibdi-yu, matbaachi tayyorlaydigan birorta oʻquv dargohi boʻlmaydimi?! Bunaqasi ketmaydi!
Kollejni saqlab qoldik. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi Qaroriga oʻzgartirish kiritilishiga erishdik. Kollejning yopilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasdi. Chunki kitob, darslik, oʻquv qoʻllanmalari, koʻrgazmali tashviqot vositalari oʻrnini hech nima bosa olmaydi – internet ham, boshqasiyam.
Endi oldimizda turgan eng muhim masala SOʻZ ERKINLIGI edi. Biz Vazirlar Mahkamasiga boʻysunamiz. VM esa vazirlik va idoralar degani. Tanqid asosan shularga qaratilgan boʻlsa, qanday qilib soʻz erkinligiga erishish mumkin? Demak, Agentlik vazirliklar bilan teng maqomda boʻla olmaydi.
Prezidentga bildirish xati kiritdik. Agentlik bevosita Prezident Administratsiyasiga boʻysunsagina OAVni himoya qilishi mumkin. Masalani shu nuqtaуi nazardan asosladik. Bizga qoʻngʻiroq qilib, ogʻzimizni yopadiganlar boʻlmasligi kerak. Rahbariyat bu taklifni qoʻllab-quvvatladi.
Agentlik xodimlari maoshini bir necha barobar oshirdik. Arzimagan pul toʻlab, odamlardan vijdonan ishlashni talab qilib boʻlmaydi. Oyliklar qay darajada oʻzgarganini tasavvur qilishingiz uchun misol keltiraman: bir yarim million oladiganlarning maoshi oʻn sakkiz millionga chiqdi. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis oʻz qadrini ham biladi, halol ishlaydigan boʻlsa, oʻsha arzimas pulga koʻnmaydi.
«Botir Parpiуevning jiyani» boʻlmaganimda, bu ishlarni eplay olmasdim, albatta. Men shafqatsiz soliq idorasi maktabida juda samarali saboq olganman.
1 OʻzMAA – Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi. Matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlovchi davlat organi.
2 Tanzila Kamolovna Norboyeva – Oʻzbek davlat va jamoat arbobi, 2016-2019-yillari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasiga rahbarlik qilgan.
3 Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov – davlat arbobi, 2016-yil 15-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan.
4 Laziz Tangriyev – 2017-yil iyuldan 2018-yil noyabrgacha OʻzMAA rahbari boʻlgan.
5 Dilnoza Ziyamuhammedova – 2020-yil iyundan Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining OAV masalalari boʻyicha oʻrinbosari, OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sektori mudiri.
6 Mahmudjon Zaytayev – «Oʻzbekiston» nashriyot-poligrafiya ijodiy uyi direktorining birinchi oʻrinbosari.
II
Parpiyevning jiyani
2001-yil
Sanʼat institutining birinchi kursida oʻqiyotganimda qarindoshimiz Baxtiyor aka hozirgi MTRKning1 oʻt oʻchirish xizmatida ishlaydigan ogʻaynisi Abdusattor aka bilan kelishib, meni televideniуega amaliyotga joylab qoʻydi. Ota-onam «Darsdan keyin laqillab yurmasin, ishlasin, pul topmasayam, tajriba orttirsin», – derdi. Oʻzim ham telerejissorlik kasbiga qiziqib, haqiqiy televideniуechi boʻlishga tayyor edim.
MTRKga kirish oson emas, bu nihoyatda yopiq tashkilot. Biror lavozimni egallash u yoqda tursin, eng oddiy ishga joylashish uchun ham tanish-bilish kerak edi. Abdusattor akaga rahmat, oddiy bir talabani praktikaga olishga «Davr»2 dasturi tahririyatini koʻndirdi.
Ishga ketayotganimda onam qattiq tayinladilar:
– Komiljon, jon bolam, hech kim bilan urishib-talashib yurma, iltimos, birovga gap qaytarma, «xoʻp-xoʻp» degin, nima ish buyurishsa, darrov aytganlarini qilgin, hammaga foydang tegsin, hammaga yordam bergin, oʻgʻlim…
Xuddi shunday qildim. «Rejissor yordamchisi assistentining yordamchisi» degan sharafli lavozimda hammaga foydali boʻlay, dedim.
– Hoy, bola, somsaga chiqib ke!
– Xoʻp.
– Oʻv, kassetalarni olib chiq.
– Xoʻp.
– Taym-kodini yozib ber.
– Xoʻp boʻladi…
Sekin-sekin ish oʻrgandim, bilim, tajriba orttirdim.
Oʻsha paytda «Davr»ga Furqat Zokirov rahbarlik qilardi. Men uning uchun keraksiz bir matohdek edim. Shuncha ishlab, menga na bir ogʻiz yaxshi gapirgani, na maqtaganini eslayman. Faqat tanbehini, «Ishdan haydayman!» degan poʻpisasini eshitganman. U meni qanchalik yoqtirmasa, men ham oʻsha paytda uni shunchalik yomon koʻrardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir ogʻiz soʻrashish shunchalik malol kelgan boʻlsa?!
«Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.
– Qanaqa sevishganlar? – chinqirdi u. – Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?
Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini oʻrgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan soʻragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari soʻkish eshitardim. Men oʻzimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin doʻq-poʻpisa, haqoratni umuman koʻtara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, oʻz vaqtida bajaraman.
Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb oʻdagʻaylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan boʻlsa kerak.
Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj koʻrikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.
Lavhalarni hammadan yashirincha, eng asosiysi, direktorga koʻrsatmasdan tayyorlashga toʻgʻri kelardi. Kamerani yalinib olib, kechalari montaj qilardim. Shundayam televideniуeda bemalol koʻrsatsa boʻladigan yaxshi material chiqardi. Masalan, «Qutqaruv-050» xizmatiga bagʻishlangan qisqagina lavhamdan hatto Furqat Zokirov ham kamchilik topolmay, efirga qoʻygan.
Keyin FVV3 haqida koʻrsatuv tayyorladim. Binoyidek material boʻldi, shunchalik oʻzimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, oʻzlariga koʻrsatishga qaror qildim.
Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yoʻlga chiqqanimda matbuot xizmati boshligʻi kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida oʻtirib, dakki eshitayotgan boʻlgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar eʼlon qilmaydi, televizorda koʻrinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni roʻmolchasi bilan artgancha, boshi qotib oʻtiravergan. Vazir haq edi.
Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, yaʼni men roʻpara kelib qoldim. Kapitan rosa xursand boʻlib ketdi.
– Menga xuddi shu kerak edi! – dedi u, tayyorlagan koʻrsatuvimni koʻrib. Keyin ust-boshimga gʻalatiroq qaradi-da (kalta ishton – shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, koʻylak… Ministrning oldiga kiramiz», – dedi.
Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali oʻn besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir oʻqib oʻtirardi. Oʻziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qoʻydi.
– Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea boʻldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga oʻrganib qolgan ekanman. Vazir oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib, menga qoʻlini uzatdi.
– Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, oʻtirishga ishora qildi.
Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi-ya! Bu odamni oʻsha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha koʻnglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.
Botir Rahmatovich materialni koʻrib, juda mamnun boʻldi. Ishim unga yoqdi.
– Yashang! Endi qogʻoz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani toʻgʻrilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…
Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada oʻzgartirib tashlasam. Qiyshaygan boʻyinbogʻni toʻgʻrilash uchun oʻsha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim oʻzicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval boʻyicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qoʻl qoʻyasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, oʻziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yigʻib, render qilish kerak.
– Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.
Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.
– Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qoʻshib qoʻy, kechqurun koʻrsatasan.
Vaqt kechagidan ham kam. Oʻshanda hayotimda birinchi marta umuman iloji boʻlmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.
– Ana endi hammasi joyida, – dedi vazir. – Efirga beraver!
Kulib yuboray dedim.
– Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib oʻtirmaydi men bilan. Uni hatto koʻrmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.
– Yoʻgʻ-e? – astoydil hayron boʻldi vazir. – Mayli, shuyam muammomi?..
U telefonda Koʻchimovning4 raqamini terdi..
– Abdusaid aka, bizni qoʻllab turganingiz uchun rahmat, yigitlaringiz zoʻr ekan, juda yaxshi koʻrsatuv tayyorlashibdi…
Ishxonada Furqat Zokirov meni qilich yalangʻochlab kutib turgan ekan. Bu safar u butun Toshkentni boshiga koʻtarib baqirdi. Men uni bir tiyinga olmay, ruxsatsiz, navbatsiz kamera olib chiqib ketibman. «Tirrancha, dumbul, ahmoq, eshshak… Menga yuqoridan bosim oʻtkazaman, deb oʻylama!»
Oʻsha kundan boshlab ikki oʻt orasida qoldim. FVVdagilar aytsa, lavha tayyorlab beraman, keyin direktor menga zahrini sochadi: har safar vazirlikdan qoʻngʻiroq qildirib, texnika jadvalini buzarmishman.
Ish koʻp, MTRKdan yarim kechasi qaytardim. «Navoiy» metro bekatidan oxirgi poyezd tungi 12:03 da joʻnar, nima qilib boʻlsayam, ulgurishim kerak edi. Bunaqa paytda metroda deyarli odam boʻlmaydi, faqat farrosh xola kattakon shvabrasini perronning u boshidan bu boshiga sudrab yuradi, yana ikki militsioner mudrab oʻtiradi. Bekat boʻm-boʻsh, nimqorongʻi, ovozlar aks-sado beradi, oʻziga xos hidi bor… Metroning hidini shunaqa yaxshi koʻrardim-ki… Bu uyga qaytish hidi edi. Tonneldan keladigan shamol va yaqinlashayotgan poyezd chiroqlarini aytmaysizmi! U meni yana bir ogʻir ish kunidan ozod qilib, erkinlikka olib chiqadigandek tuyulardi. Hammasidan koʻra shu yoqimli edi.
Mening bekatim – eng oxirgisi. Shuning uchun baʼzan yoʻlda uxlab qolsam ham, kerakli bekatdan oʻtib ketmasdim. «Beruniy5 – oxirgi bekat. Vagondan chiqayotganda buyumlaringizni unutmang». Shu soʻzlarni eshitib, uygʻonib ketardim.