Buch lesen: «Қуёш барибир чиқаверади»
Sizlarning hammangiz – zavol topgan avloddansizlar.
Gertruda Stayn suhbatidan
Birinchi kitob
Birinchi bob
Robert Kon bir vaqtlar o‘rta vaznda Prinston universitetining chempioni bo‘lgandi. Bu unvonning menga sariq chaqalik qadr-qiymati bor-yo‘qligini bilmayman-u, ammo Konga u ardoqli edi. Aslida Robertda boksga moyillik yo‘q edi, aksincha – boks desa, ishqori ozardi, lekin shunday bo‘lsa ham o‘lib-tirilib, qunt bilan boks tushishni o‘rganardi. Yahudiylarga past nazar bilan qaraladigan Prinstonda u jur’atsizligi hamda beqadrligidan o‘ksish tuyg‘usidan xalos bo‘lish uchun ham shunday qilardi. U haqorat qilgan har bir kimsani bir urib yerga ag‘darib yuborishini bilardi-yu, ammo tabiatan yuvosh va beozor bo‘lgani uchun ham sport zalidan boshqa joyda aslo urishmasdi. U Spayder Kellining eng yaxshi shogirdi edi. Spayder Kelli o‘zining barcha shogirdlariga, ular bir yuz besh qadoqmi yoki ikki yuz besh qadoqmi bo‘lishidan qat’i nazar, eng yengil vaznli bokschilar ishlatadigan usullarni o‘rgatardi. Aftidan, Kon uchun ham eng keragi shu narsa edi. U haqiqatan ham juda chaqqon bo‘lib, shunaqayam mohirona boks tushardiki, oqibatda Spayder bilan olishish sharafiga muyassar bo‘ldi. Bir bellashuvda Kelli chunonam urdiki, bechora nokaut bo‘lib, burni yalpayib qoldi. O‘shandan keyin Konning boksga bo‘lgan nafrati yanayam oshdi, biroq shunga qaramay, unda allaqanday g‘alati qoniqish hissi paydo bo‘ldi, hatto haligi zarbadan burnining shakli ham ko‘rkamlashib qoldi. Pristonda istiqomat qilgan oxirgi yili u juda ko‘p o‘qidi, ko‘zoynak taqib yuradigan bo‘ldi. Kursdoshlaridan hech biri uni tanimasdi. Ular hatto Robertning boksdan o‘rta vaznda chempion bo‘lganini ham bilishmasdi.
Men o‘zlari haqida bor haqiqatni aytib beruvchi hamma sofdil odamlarga ishonavermayman, shu sababli ham ancha vaqtgacha Robert Kon hecham boksdan chempion bo‘lmagan, deb shubhalanib yurdim: yuzidagi chandiq – yoshligida ot bosib olgan jarohatning o‘rni, balki onasi homilador paytida bir nimadan qo‘rqqanining asorati yoki bolaligida u yugurib kelib nimagadir urib olganining izi bo‘lsa kerak. Keyinchalik axiyri Spayder Kellidan so‘rabsurishtirdim. Spayder Kelli uni faqat eslabgina qolmay, balki Konning taqdiri nima bo‘lgani haqida ham o‘ylab yurarkan.
Robert Kon ota tomonidan Nyu-Yorkdagi eng badavlat yahudiy oilasiga, ona tomondan esa eng qadimgi oilalardan biriga mansub edi. Harbiy bilim yurtida Prinston universitetiga o‘qishga kirishga tayyorlanayotganida, futbol jamoasida faxrli o‘rinni egallab turgan paytida hech nima unga irqiy taassublikni eslatmagandi. U Prinstonga kelgunicha hech kim Konga yahudiysan, deb sha’ma ham qilmagandi. Kon muloyim, ko‘ngilchan, haddan tashqari tortinchoq yigit bo‘lgani bilan, baribir munosabatdagi o‘zgarish uning g‘azabini qo‘zg‘atib yubordi. U qasdma qasdlikka boks mahoratini egalladi, o‘lardek obro‘talab, yalpoq burnini viqor bilan ko‘z-ko‘z qilib, Prinston universitetini bitirib chiqdi-yu, atrofida parvona bo‘lib yurgan birinchi qizning xohishini rad etolmay, unga uylanib oldi. Xotini bilan besh yil yashadi, uchta farzand ko‘rdi, otasidan meros qolgan ellik ming dollarlik boylikning – qolgan ashyo-yu buyumlar onasiga berildi – deyarli hammasini sovurib bo‘lib, badavlat xotini bilan doimo bo‘ladigan mojarolar ta’sirida badqovoq bir shaxsga aylandi-qoldi. Umr yo‘ldoshidan ajralishga ahd qilib yurganida xotinining o‘zi uni tashlab, allaqanday bir rassom bilan qochib ketdi. U deyarli yarim yilcha xotinidan ajralishni o‘ylab yurib, xotinini o‘zidan judo qilish haddan tashqari bag‘ritoshlik bo‘ladi, deb o‘ylab jur’at qilolmay yurgan bir paytda xotinining o‘zi ketib qolishi Robertga anchayin saboq bo‘ldi.
Ajrim qog‘ozini olgandan keyin Robert Kon G‘arbiy sohilga jo‘nab ketdi. Kaliforniyada u adabiy muhitga tushib qoldi-yu, ko‘p vaqt o‘tmay ellik ming dollardan qolgan-qutgan mablag‘i bilan bir badiiy jurnalni ta’minlab turdi. Jurnal Kaliforniya shtatidagi Karmel shahrida nashr qilinib, Massachusets shtatidagi Provinstaunda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ilgari saxovatli farishta sifatida qaralib, nomi titul varag‘idagi muharrirlar hay’ati a’zolarining ro‘yxatida turuvchi Kon endi jurnalning yagona muharriri bo‘lib qolgandi. Nima bo‘lganda ham jurnal uning mablag‘i hisobiga chiqayotgan edi-da, muharrirlik mavqeyi ham o‘ziga yoqib qolganini sezgandi. Jurnalni nashr etish qimmatga tushib, undan voz kechishga to‘g‘ri kelganda Robert juda qayg‘urdi.
Aytgandek, bu paytga kelib unda boshqa tashvishlar ham paydo bo‘lib qolgandi. Jurnal tufayli o‘zini ko‘klarga ko‘tarishni umid qilgan allaqanday xonim Robertni qo‘liga olib olgandi. Serg‘ayrat bu ayol uchun Konni qo‘lga olish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmadi. Bundan tashqari, Kon uni sevib qolganiga qattiq ishongandi. Jurnalning muvaffaqiyat qozonishidan umidini uzgan ayol Kondan biroz ko‘ngli sovib, bor imkoniyatdan iloji boricha foydalanib qolishga ahd qildi-yu, u o‘zi bir paytlari tarbiyalangan va Kon yozuvchilik qilishi lozim bo‘lgan Yevropaga jo‘nab ketishga uni ko‘ndirdi. Ular Yevropaga borib uch yil yashashdi. Mana shu uch yil mobaynida – birinchi yilni sayohat bilan o‘tkazishdi, keyingi ikki yili Parijda bo‘lishdi – Robert Kon ikki do‘st orttirdi. Biri Breddoks, ikkinchisi men. Breddoks uning adabiyot sohasidagi do‘sti edi. Men esa tennis o‘yini tufayli do‘stlashgan edim.
Robertni qo‘lga olgan xonim (uning ismi Frensis) ikkinchi yilning oxirida o‘zining husni puturdan ketayotganini sezib qoldi-yu, Konga butunlay ega chiqib olib, uni izmiga yurgizish ishtiyoqi unga tegib olish ahdi bilan almashdi. Bu paytda Robertning onasi unga oyiga uch yuz dollarcha pul yubora boshlagan edi. O‘ylashimcha, keyingi ikki yarim yil mobaynida Robert biror marta ham boshqa ayolga qiyo boqmadi. Agar Yevropada istiqomat qilayotgan ko‘pgina amerikaliklar singari o‘z Vatanida yashashni afzal ko‘rganini, buning ustiga o‘zida yozuvchilik talanti borligini sezib qolganini hisobga olmaganda, u deyarli baxtiyor odam edi. U roman yozdi va bu roman juda bo‘sh bo‘lishiga qaramay, tanqidchilar ta’kidlaganidek, unchalik yomon emasdi. U ko‘p o‘qirdi, brij, tennis o‘ynardi, Parijdagi sport zallarining birida boks bilan shug‘ullanardi.
Men Frensisning unga nisbatan tutgan yo‘lini ular bilan birga ovqatlangan o‘sha kuni kechqurun birinchi marta payqab qoldim. Biz Lavinya restoranida ovqatlandik. Keyin «Versal» kafesiga qahva ichgani bordik. Qahvadan so‘ng bir-ikki qadah konyak ichdik-da, men ketishga ijozat so‘radim. Ovqatlanayotganimizda Kon menga yakshanba kuni biror joyga birgalikda borsak, deya taklif qilib qoldi. U shahardan chiqib ketib oyog‘ining chigalini yozib kelishni istardi. Men Strasburgga uchishni va u yerdan Sent-Odil yoki Elzas bo‘ylab yana allaqayoqqa yayov borishni taklif qildim.
– Strasburgda tanish bir qiz bor, bizga shaharni tomosha qildiradi, – dedim men.
Stol tagida kimdir oyog‘imga turtib qo‘ydi. Buni tasodifga yo‘yib so‘zimda davom etdim:
– U ikki yildan beri o‘sha joyda yashayapti, Strasburgda nimani tomosha qilishni yaxshi biladi. Juda yoqimtoy qiz.
Stol tagidan yana bir turtkini yeganimni sezib suhbatdoshlarimga qaradim-u, iyagini cho‘zib menga tikilib qolgan Frensisning rangi qum o‘chgan chehrasiga ko‘zim tushdi.
– Aytgandek, nega endi faqat Strasburgga borish kerak ekan? – dedim men. – Biz Bryugga yoki Ardenga borishimiz ham mumkin.
Kon yengil tortdi. Endi meni hech kim turtmadi ham. Ularga tunni xayrli o‘tkazishni tilab, ko‘chaga chiqdim. Kon men bilan muyulishgacha borib, gazeta olmoqchi ekanini aytdi.
– Pok Parvardigor haqi ayting-chi, Strasburgdagi qiz haqida nega og‘iz ochdingiz? – so‘radi u. – Frensisning basharasini nahotki ko‘rmagan bo‘lsangiz?
– Yo‘q, ko‘rmadim. Nega endi unga qarashim kerak ekan? Strasburgda menga tanish amerikalik qiz bilan Frensisning nima ishi bor?
– Baribir. Kimning tanishi bo‘lishining farqi yo‘q. Men bora olmagan bo‘lardim, tamom-vassalom.
– Bu nima tentaklik?
– Siz Frensisni bilmaysiz-da. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday qizdan rashk qiladi. Nahotki, basharasi o‘zgarib ketganini ko‘rmagan bo‘lsangiz?
– Ha, mayli, – dedim unga. – Sanlisga bora qolamiz bo‘lmasa.
– Xafa bo‘lmaysiz-da.
– Xafa emasman. Sanlis – ajoyib joy; biz «Katta bug‘u» mehmonxonasiga joylashamiz, o‘rmonlarda sayr qilib, keyin uyga qaytamiz.
– Juda soz. Ajoyib sayr bo‘ladi.
– Ertaga tennis maydonida uchrashamiz, – dedim men.
– Xayrli tun, Jeyk, – dedi u va kafe tomon qayta boshladi.
– Gazeta sotib olishni unutib qo‘ydingiz, – dedim men.
– Ha-ya. – U men bilan muyulishdagi kioskagacha bordi. – Xafa bo‘lmadingiz-a, Jeyk? – so‘radi u qo‘lida gazeta bilan orqaga burilarkan.
– Yo‘g‘-e, nimadan xafa bo‘larkanman?!
– Kortda uchrashamiz, – u shunday dedi-yu, gazeta olib kafega qaytib ketdi.
Ortidan qarab qoldim. U menga yoqardi, ammo Frensis bilan turmushlari shirin bo‘lmasa kerak.
Ikkinchi bob
Robert Kon qishda romanini Amerikaga olib borib kattagina bir nashriyotga topshirdi. Ana shu safarni deb Frensis bilan uning o‘rtasida juda qattiq janjal bo‘lganini eshitib qoldim. Aftidan, xuddi shu janjal oqibatida u Robertni qo‘ldan boy berib qo‘ygan, chunki Nyu-Yorkda ayollar unga aylanishib qolishgan bo‘lsa kerak, u Parijga butunlay o‘zgarib qaytgandi. Robert endi Amerikani ko‘klarga ko‘tarib maqtardi, undagi samimiyatdan ham, yoqimtoylikdan ham asar qolmagandi. Nashriyot uning romanini maqtaganidan boshi aylanib qolibdi. Bundan tashqari, bir necha ayol qosh-ko‘zini suzib, Robertni arshi-a’loga olib chiqib qo‘yibdi. To‘rt yil davomida uning fikr-u xayoli xotini bilan band bo‘lib qolgandi. Uch yil yoki shunga yaqin vaqt ichida Frensisdan boshqasiga ko‘z olaytirmadi. Ishonchim komilki, Robert umrida biror marta ham xushtor bo‘lmagan.
Universitetda o‘tkazgan mashaqqatli yillaridan keyin uylanishi unga tasalli bergan bo‘lsa, ko‘z ochib ko‘rgan xotini uchun munosib er bo‘la olmaganini tushunib yetganidan keyin esa Frensis unga shunchaki bir ovunchoq bo‘ldi. Hozir u garchi jazman oshiq bo‘lmasa ham, biror ayolning ko‘nglini zabt eta oladigan jozibali siymo ekanligini his qilib g‘ururlanar, shu jonon men bilan birga yashashni istasa – ne ajab, deya ko‘kragini kerib yurardi. Bu fikr ta’sirida shunchalik o‘zgarib ketdiki, u bilan muloqatda bo‘lishdan men endi bahra ololmay qoldim. Bundan tashqari nyu-yorklik tanishlari bilan brij o‘ynab, bor boyligidan ham ko‘proq pul tikib, bir necha yuz dollar yutishga muvaffaq bo‘ldi. Shu sababli ham o‘zini mohir o‘yinchi hisoblab, zarur bo‘lib qolgan taqdirda brij o‘yini bilan a’lo darajada kun kechirish mumkinligini necha martalab aytgandi.
Lekin bu hali hammasi emasdi: Robert U.X.Xadzonning asariga berilib ketdi. Yuzaki qaraganda, buning hech qanday ajablanadigan joyi yo‘q, ammo Kon «Qirmizi mamlakat»ni qayta-qayta o‘qib chiqdi. «Qirmizi mamlakat» – agar yetuk yoshda o‘qilsa, mash’um kitob. Asarda hali sha’niga dog‘ tushmagan ingliz yigitining tabiat manzaralari mohirona chizib berilgan g‘oyat romantik mamlakatdagi totli muhabbat sarguzashtlari hikoya qilinadi. O‘ttiz to‘rt yoshda bu kitobdan hayotda yo‘lchi yulduz sifatida foydalanish shu yoshda «Poyabzal tozalovchilikdan millionerlikka» degan risolalar seriyasi bilan qurollanib, fransuz cherkov maktabidan to‘ppa-to‘g‘ri Uoll-Stritga kirib kelishdek xavfli edi. «Qirmizi mamlakat»ning har bir satrini Kon xuddi «Moliyaviy byulleten» risolasida yozilgan so‘zlar kabi chippa-chin qabul qilganiga imonim komil edi. Albatta, hammasiga ishonmasa ham, har holda kitobni jiddiy asar sifatida qabul qildi. O‘sha kitobda tasvirlangan g‘aroyibotlar uning borliq fikr-u yodini chulg‘ab olgandi. O‘zi shu yetmay turuvdi. Kunlarning birida huzurimga – tahririyatga kirib kelmaguncha kitobga bu qadar berilib ketganini tasavvur qilmagandim.
– Hello, Robert! Ko‘nglimni xushlash uchun keldingizmi? – so‘radim undan.
– Jeyk, ayting-chi, Janubiy Amerikaga borishni istarmidingiz?
– Yo‘q.
– Nega?
– Bilmadim. Hech qachon orzu qilmagandim. Juda qimmatga tushadi. Aytgandek, bu yerda, Parijda janubiy amerikaliklar achib yotibdi.
– Bular haqiqiy janubiy amerikaliklar emas.
– Menimcha, ular chindan ham haqiqiy janubiy amerikaliklar.
Men bir haftalik xat-xabarlarimni, avvaldan kelishib qo‘yilganidek, poyezdga shoshilinch topshirib kelishim lozim edi-yu, biroq xabarlarning yarmisini yozishga ulgurgandim, xolos.
– Birorta g‘iybat gaplardan bilmaysizmi? – so‘radim undan.
– Yo‘q.
– Yuqori martabali do‘stlaringizdan hech kim xotinini qo‘ymoqchi emasmi?
– Yo‘q. Menga qarang, Jeyk. Agar butun xarajatini zimmamga olsam, men bilan Janubiy Amerikaga borarmidingiz?
– Sizga nima keragim bor?
– Siz ispancha gaplasha olasiz. Umuman, ikkalamiz bo‘lsak zerikmasdik-da.
– Yo‘q, menga Parijda bo‘lish ma’qulroq, – dedim unga, – yozda esa Ispaniyaga boraman.
– Umrim bo‘yi shunaqa sayohatni orzu qilib o‘tyapman, – dedi Kon. U kresloga o‘tirdi. – Men yo‘lga otlangunimcha ancha keksayib qolsam kerak.
– Tentak bo‘lmang, – dedim unga. – Siz istagan tomonga borishingiz mumkin, pulingiz to‘lib-toshib yotibdi.
– Bilaman. Ammo hecham safarga otlanolmayapman-da.
– Ja kuyunavermang. Mamlakatlarning hammasi kinofilmga o‘xshab ketadi, – dedim men.
Lekin unga rahmim keldi. Robert chinakamiga xafa bo‘ldi.
– Hayotning shunaqayam tez o‘tayotganini, men esam chinakamiga yashamayotganimni o‘ylab o‘yimga yetolmayapman.
– Matadorlardan boshqa hech kim to‘laqonli hayot kechirmaydi.
– Matadorlar meni qiziqtirmaydi: ularning hayoti bemaza. Men Janubiy Amerikaning ichkarisiga borishni istayman. Ajoyib sayohat bo‘lardi-da!
– Britaniyaning Sharqiy Afrikasida ov qilishni istamaysizmi?
– Yo‘q, u yoqqa mening hushim yo‘q.
– Afrikaga siz bilan birga borgan bo‘lardim.
– Yo‘q. Afrika meni qiziqtirmaydi.
– Chunki siz bu haqda hech nima o‘qimagansiz-da. Qop-qora chiroyi barq urib turgan sevgi parilari – amurlar haqida bir o‘qib ko‘ring-a!
– Men Janubiy Amerikaga borishni istayman.
Uning bir odati – yahudiylarga xos o‘ta qaysarligi bor edi.
– Yuring, pastga tushib, biror narsa ichib kelamiz.
– Ishingiz ko‘p emasmi?
– Yo‘q, – dedim men.
Biz pastga, birinchi qavatdagi kafega tushdik. Bu, tahririyatga keluvchilar bilan xayrlashishning eng maqbul usuli ekanini men allaqachon bilib olganman. O‘rtog‘ing bilan bir-ikki qadah ichasan-da, keyin: «Xo‘sh, endi men yuqoriga chiqib, telegramma jo‘natishim kerak», – deysan, vassalom. Seni hech kim hech qachon ish ustida ko‘rmasligini talab etuvchi gazeta odobiga muvofiq sahnani birovga malol kelmaydigan tarzda tark etishning mana shunaqangi usullarini o‘ylab topish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday qilib, biz barga tushdik-da, soda aralashtirilgan viski ichdik. Kon devor yonida turgan shisha to‘la yashiklarga qarab:
– Bu yer yaxshi ekan, – deb qo‘ydi.
– Ichkiligi ko‘p, – ma’qulladim men.
– Menga qarang, Jeyk! – U peshtaxtaga suyanib oldi. – Hayotingiz o‘tib boryapti-yu, siz bo‘lsangiz, undan hech foydalana olmayapsiz, siz buni his qilganmisiz? O‘zingizga berilgan umrning deyarli yarmini yashab bo‘lganingiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
– Goho-goho o‘ylab qo‘yaman.
– Yana o‘ttiz – qirq yildan keyin bu yorug‘ dunyoda bo‘lmasligimizni bilasizmi?
– Qo‘ysangiz-chi, Robert, – dedim men. – Qo‘ying, bu gaplarni.
– Buni jiddiy aytyapman.
– Endi shuniyam tashvishini qilaymi? – dedim men.
– Bekor qilasiz.
– O‘z vaqtida ko‘p narsaning tashvishini chekkanman. Yetar endi.
– Baribir Janubiy Amerikaga borishni istayman.
– Quloq soling, Robert. Boshqa mamlakatga borganingiz bilan hech nima o‘zgarib qolmaydi. Bularning hammasini men boshimdan kechirganman. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib, o‘zingizni ovutolmaysiz. Bunga hech nima yordam berolmaydi.
– Lekin o‘zingiz Janubiy Amerikaga hecham bormagansiz-ku.
– Janubiy Amerikangiz boshingizda qolsin! Agar siz hozirgi kayfiyatingiz bilan o‘sha yoqqa borsangiz, hamma narsa o‘z holicha qolaveradi. Parij – ajoyib shahar. Nega endi siz Parijda bemalol yashay olmayapsiz?
– Parij jonimga tegdi. Lotin kvartalidan bezib ketdim.
– U yoqqa bormay qo‘yaqoling. O‘z holingizcha sayr qilib ko‘ring, o‘shanda nima bo‘lishini ko‘rasiz.
– Menga hech qachon hech nima bo‘lmaydi. Bir marta yolg‘iz o‘zim tun bo‘yi sayr qilib yuruvdim, hech nima sodir bo‘lmadi, faqat velosipedli politsiyachi meni to‘xtatib, hujjatlarimni so‘radi.
– Nahotki tunda shahar go‘zal bo‘lmasa?
– Men Parijni yoqtirmayman.
Tavba, muncha qaysar bo‘lmasa-ya! Konga achinib ketdim. Men unga hecham yordam qilolmasdim, chunki bir gap deyishim bilanoq darrov uning ikkala mutaassib g‘oyasiga duch kelardim: «Hamma narsadan qutulishning yagona yo‘li – Janubiy Amerikaga jo‘nab ketish va Parijni yoqtirmaslik» fikrida turib olgan edi. Birinchi g‘oyani kitobdan o‘qib olgan, ikkinchisini ham aftidan, kitobdan olgan bo‘lsa kerak.
– Xo‘sh, endi men yuqoriga chiqib telegramma jo‘natishim kerak, – dedim.
– Yuqoriga chiqishingiz shartmi?
– Ha, telegrammalarni jo‘natishim kerak.
– Agar siz bilan tahririyatda o‘tirsam xalaqit bermaymanmi?
– Marhamat.
U birinchi xonada gazetalarni hamda «Muharrir va noshir» jurnalini o‘qib o‘tirdi, men esa ikki soat mashinkani chiqillatib ishladim. Keyin qo‘lyozmani nusxalarga ajratib, tuzatishlar kiritdim-da, hammasini qayta konvertga joylab, ularni Sen-Lazar vokzaliga yetkazib berish uchun kuryerni chaqirdim. Narigi xonaga chiqdim. Robert Kon katta kresloda o‘tirib uxlab qolibdi. U boshini qo‘llariga qo‘yib uxlardi. Konni uyg‘otishga ko‘zim qiymadi-yu, biroq tahririyatni berkitib uyga ketmoqchi edim. Yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. U boshini chayqab qo‘ydi.
– Men buni qilolmayman, – dedi uyqisirab boshini qo‘llari orasiga tortarkan. – Qilolmayman. Hecham qilolmayman.
– Robert, – chaqirdim uning yelkasiga turtib.
U boshini ko‘tardi, ko‘zlarini pirpiratib jilmayib qo‘ydi.
– Men hozir biror nima dedimmi?
– Ha, gapirdingiz. Lekin eshitolmay qoldim.
– E, Xudoyim-e, bu qanaqangi ahmoqona tush bo‘ldiykin-a!
– Mashinkamning chiqillashi sizni mudratib qo‘yibdi-da?
– Shunaqaga o‘xshaydi. Kecha tunda uxlamagandim.
– Nega?
– Gaplashib chiqdik.
Ularning suhbatini tasavvur qilishim qiyin emasdi. Menda do‘stlarimning yotoqxonadagi holatini o‘zimcha tasavvur qilishdek yomon odat bor edi. Biz «Napoliten» kafesiga aperativ vinosidan ichgani va xiyobondagi kechki sayilni tomosha qilgani jo‘nab ketdik.
Uchinchi bob
Bahorgi iliq kechalardan biri edi. Robert uyiga jo‘nab ketgach, «Napoliten» kafesining ayvonida o‘tirib nurli reklama chiroqlarini, svetoforning qizil va yashil signallarini, sayilga chiqqan odamlarni, qator ketayotgan taksilar oqimi yonida taqa-tuq qilib borayotgan izvoshlarni, kechki ovqat ilinjida yakka holda va juft-juft bo‘lib yurgan do‘ndiqchalarni tomosha qildim. Men o‘tirgan stol yonidan ko‘hlikkina bir ayol o‘tib, ko‘cha bo‘ylab ketayotganiga nazar solib turdim-u, uni ko‘zdan qochirib boshqasiga qaragan edim, boyagi ayol yana qaytayotganini ko‘rib qoldim. U yana yonimdan o‘tib ketayotganida ko‘zlarimiz to‘qnashdi-yu, ayol yonimga kelib o‘tirdi. Darrov ofitsiant yetib keldi.
– Sen qanaqasidan ichasan? – so‘radim men.
– Pernodan.
– Go‘daklarga perno ichish mumkin emas.
– O‘zing go‘daksan. Garson, bir ryumka perno keltir.
– Mengayam.
– Qalay, ko‘ngilxushlik qilishni istaysanmi? – so‘radi u.
– Ha. O‘zing-chi?
– Ko‘ramiz. Bu shaharda oldindan nima bo‘lishini bilib bo‘larmidi?
– Nima, Parijni yoqtirmaysanmi?
– Yo‘q.
– Nega bo‘lmasa boshqa joyga bormaysan?
– Boshqa joy yo‘q-da.
– Bu yerning nimasi yomon?
– Nimasi yomon emish?!
Perno – absent sharbatidan ishlangan ko‘kimtir musallas. Agar unga suv aralashtirilsa, xuddi sut kabi oqish tusga kiradi. Ta’mi chuchukmiyani eslatadi va u avval kishini tetiklashtiradi, keyin esa lohas qiladi. Perno ichayotganimizda u nimadandir norozi ko‘rindi.
– Xo‘sh, balki meni kechki ovqat bilan mehmon qilarsan? – so‘radim men.
U jilmayib qo‘ydi va shunda men nega uning hecham kulmayotgani sababini fahmlab qoldim. Og‘zi yumuq paytda u juda go‘zal ko‘rinarkan. Pernoning haqini to‘ladim va biz ko‘chaga chiqdik. Izvoshchini chaqirdim, u yo‘lkaga kelib to‘xtadi. Bir tekisda sekin yuradigan izvoshga qulayroq joylashib olganimizdan keyin opera teatrining chiroqlari porlab turgan, kimsasiz keng xiyoboni bo‘ylab yurib, eshiklari yopiq, vitrinalari yorishib turgan magazinlar yonidan o‘tdik. Izvoshimiz hamma derazalariga soatlar osib qo‘yilgan «Nyu-York gerald» tahririyati binosiga yaqinlashdi.
– Shuncha soatning nima keragi bor ekan-a? – so‘radi u.
– Bular butun Amerikadagi vaqtni ko‘rsatib turadi.
– Hazilingni qo‘y.
Biz Piramida ko‘chasiga burilib, tor Ryu-de-Rivolidan o‘tdik-da, qop-qorong‘i darvoza orqali Tyuilriga kirib bordik. Ayol menga suykalgan edi, uni quchoqlab oldim. U o‘parmikan, deb menga qaradi. Qo‘lini bo‘ynimga tashlagan edi, o‘zimni chetga oldim.
– Keragi yo‘q.
– Senga nima bo‘ldi? Kasalmisan?
– Ha.
– Hamma kasal. Men ham kasalman.
Biz Tyuilridan yorug‘ga chiqdik-da, Senani kesib o‘tib, Muqaddas Otalar ko‘chasiga burildik.
– Agar kasal bo‘lsang, nega perno ichding?
– O‘zing-chi?
– Menga buning ahamiyati yo‘q. Ayol uchun buning ahamiyati yo‘q.
– Isming nima?
– Jorjet. Seniki-chi?
– Jeykob.
– Bu flamandcha ism.
– Amerikancha ism ham bor.
– Sen flamand bo‘lmasang kerak?
– Yo‘q, amerikalikman.
Restoranga yaqinlashib qoldik. Izvoshchiga to‘xtashni buyurdim. Biz izvoshdan tushdik, lekin Jorjetga restoran yoqmadi.
– Uncha hashamdor emas ekan.
– Yo‘g‘-e, – dedim men. – Balki Fuayoda ovqatlanishni istarsan? Unday bo‘lsa, yana izvoshga o‘tirib, orqangga qaytsang bo‘lardi.
Kim bilandir birga ovqatlanib vaqtimni xush o‘tkazarman, degan allaqanday yoqimli bir fikr xayolimga kelib qolgani uchun uni o‘zim bilan birga olakelgandim. Men «do‘ndiqcha»lar bilan ko‘pdan beri ovqatlanmaganim uchun buning chidab bo‘lmaydigan darajada zerikarli ekanini unutib qo‘ygandim. Biz restoranga kirdik-da, Lavin xonim o‘tirgan baland ish stoli yonidan yurib, orqa xonaga o‘tdik. Ovqatlanib olganidan keyin Jorjetning biroz kayfiyati ko‘tarildi.
– Bu yer unchalik yomon emas, – dedi u. – Hashamdor emas-u, ammo taomlari zo‘r ekan.
– Lejdan ko‘ra yaxshi-da.
– Bryusselda demoqchisan-da.
Biz yana bir shisha vino ichganimizdan keyin Jorjet sho‘xlik qila boshladi. U qurt yegan hamma tishlarini ko‘rsatib irjaydi. Qadah urishtirdik.
– Aslini olganda, yoqimtoy ekansan, – dedi u. – Kasalliging chatoq bo‘ldi-da. Aks holda til topishib olardik. Senga nima qilgan?
– Urushda yarador bo‘lgandim, – dedim men. – La’nati urush!
Biz, aftidan urush haqida, uning madaniy olamni muqarrar halokatga olib kelishi, yaxshisi urushsiz yashash ma’qul ekani to‘g‘risida munozaraga berilib ketgan bo‘lardik. Bu mavzu hiqildog‘imga kelgan. Baxtimga birinchi xonadan kimdir chaqirib qoldi.
– Barns! Hey, Barns! Jeykob, Barns!
– O‘rtoqlarim chaqiryapti, – dedim Jorjetga xonadan chiqayotganimda.
Uzun stol atrofida Breddoks bilan uning ulfatlari: Kon, Frensis Klayn, Breddoks xonim va yana menga notanish allaqanday odamlar o‘tirishgan ekan.
– Raqs tushgani boramizmi? – so‘radi Breddoks.
– Qayerga?
– Albatta, dansingga-da. Raqs tushishni yana yo‘lga qo‘yganimizni nahotki bilmasangiz? – gapga qo‘shildi Breddoks xonim.
– Biz bilan yuraqoling, Jeyk. Hammamiz boramiz, – dedi stolning narigi tomonida o‘tirgan Frensis. U qomatini tik tutgan holda o‘tirgan joyida zo‘rma-zo‘raki jilmayardi.
– Albatta, boradi, – dedi Breddoks. – Mana bu yoqqa o‘tiring, Barns, biz bilan qahva iching.
– Ma’qul.
– Xonimingizni ham boshlab keling, – dedi kulib Breddoks xonim. U kanadalik bo‘lib, shu millatga xos erkin muomala qilardi.
– Tashakkur, hozir kelamiz, – dedim men. Orqa xonaga qaytdim.
– Kim ekan o‘sha do‘stlaring? – so‘radi Jorjet.
– Yozuvchi va rassomlar.
– Bu rayonda unaqalar achib yotibdi.
– Ha, juda ko‘p.
– Judayam ko‘p. Lekin bir xillarining topish-tutishi yomon emas.
– Ha-da. Ovqatlanib bo‘lib, qolgan vinoni sipqardik.
– Qani, yur, – dedim unga. – Qahvani ular bilan birga ichamiz.
Jorjet sumkachasini ochdi-da, ko‘zguga qarab, yuziga upa surdi, labini bo‘yab, shlyapasini tartibga keltirdi.
– Ketdik, – dedi u.
Biz gavjum xonaga kirdik: Breddoks va boshqa erkaklar o‘rinlaridan turishdi.
– Sizlarga qaylig‘im mademuazel Jorjet Leblanni tanishtirishga ijozat bergaysizlar, – dedim men.
Jorjet o‘zining jozibador tabassumi bilan jilmayib qo‘ydi-da, hamma bilan birma-bir ko‘rishib chiqdi.
– Ayting-chi, siz ashulachi Jorjet Leblanning qarindoshi emasmisiz? – so‘radi Breddoks xonim.
– Bunaqa odamni tanimayman, – javob berdi Jorjet.
– Lekin ism-familiyangiz o‘xshash-ku, – dedi muloyimlik bilan Breddoks xonim.
– Yo‘q, sirayam o‘xshamaydi, – dedi Jorjet. – Mening familiyam Xoben.
– Axir, janobi Barns sizni mademauzel Jorjet Leblan, deb tanishtirdi-ku! Boshqachami? – fransuzcha gapirib qo‘yib, so‘zining ma’nosini yaxshi tushunmaganidan hayajonlanib so‘radi Breddoks xonim.
– U tentak-da, – dedi Jorjet.
– E-e, shunaqami, demak, hazil ekan-da, – dedi Breddoks xonim.
– Ha, – dedi Jorjet. – Kulgi bo‘lsin uchun aytuvdi.
– Eshityapsanmi, Genri? – deb qichqirdi Breddoks xonim stolning narigi tomonida o‘tirgan eriga. – Janobi Barns o‘zining qaylig‘ini mademuazel Lablen deb tanishtirgandi, aslida Xoben ekan.
– Bilaman, xonim! Mademauzel Xoben bilan ko‘pdan beri tanishman.
– Menga ayting-chi, mademauzel Xoben, – dedi Frensis Klayn xuddi Breddoks xonimdek rostdan ham fransuzcha gaplasha olishidan na faxrlanish va na hayratlanish hissini sezmay, fransuzcha so‘zlarni juda tez talaffuz qilarkan, – ko‘pdan beri Parijdamisiz? Bu yer sizga yoqadimi? Parijni albatta yoqtirasiz, shundaymi?
– Bunisi kim bo‘ldi? – so‘radi menga o‘girilib Jorjet. – U bilan gaplashaveraymi?
U qo‘llarini qovushtirib, uzun bo‘ynidagi boshini adl tutib, yana gapirishga chog‘langan labini cho‘chchaytirib jilmayib o‘tirgan Frensis tomon o‘girilib oldi.
– Yo‘q, Parijni yoqtirmayman. Bu yer qimmatchilik, haddan tashqari iflos.
– E, nimalar deyapsiz? Menimcha, Parij g‘oyatda ozoda shahar. Yevropadagi eng orasta shaharlardan biri.
– Menimcha, iflos.
– Juda g‘alati-ya! Siz, balki yaqindan beri yashayotgan bo‘lsangiz kerak bu yerda?
– Anchadan beri yashayman.
– Lekin bu yerda ajoyib odamlar bor. Buni rad etolmaysiz.
Jorjet menga o‘girilib dedi:
– Qoyilmaqom do‘stlaring bor ekan.
Salgina mast bo‘lgan Frensis suhbatni davom ettirmoqchi bo‘luvdi, ammo stolga qahva keltirib qolishdi, Lavin esa likyor olib keldi. Keyin hammamiz ko‘chaga chiqib Breddokslar tilga olgan dansingga jo‘nab ketdik.
Panteon yonidagi «Bal Musette» dansing ekan. Haftada besh kun kechqurunlari bu yerda shu tuman ishchilari raqs tushisharkan, yana bir kuni esa bino dansingga aylantirilarkan. Dushanba kuni kechqurun yopiq bo‘larkan. Biz yetib borganimizda dansingda eshik oldida o‘tirgan politsiyachi, rux qoplangan peshtaxta ortida turgan beka va dansing egasidan boshqa hech kim yo‘q edi. Ichkariga kirishimiz bilan yuqori qavatdan xo‘jayinning qizi tushdi. Xonada bir necha stol va uzun o‘rindiqlar bo‘lib, narigi burchak raqs tushadigan maydoncha edi.
– Afsus, juda kech to‘planishadi-da, – dedi Breddoks.
Xo‘jayinning qizi yonimizga kelib nima olib kelib berishini so‘radi. Xo‘jayin maydoncha yonidagi baland kursiga o‘tirib olib, garmon chala boshladi. To‘pig‘iga qo‘ng‘iroqchalar boylangan bo‘lib, dam-badam oyog‘ini silkib, kuy ohangiga jo‘r qilib jiringlatib qo‘yardi. Hamma raqsga tushib ketdi. Xona isib dim bo‘ldi. Biz terlab-pishib stol yoniga qaytdik.
– Voy, Xudoyim-e! – dedi Jorjet. – Terga botib ketdim-a!
– Issiqmi?
– Haddan tashqari issiq.
– Shlyapangni yechib qo‘yaqol.
– Ha-ya.
Jorjetni raqsga taklif qilishdi, men peshtaxta yoniga bordim. Rostdan ham issiq edi. Akkordeon kechki dim havoda yoqimli kuy taratardi. Eshik oldida turib, bir finjon pivo ichdim, ko‘chadan salqin shabada ufurmoqda edi. Qiyalama ko‘chadan ikkita mashina tushib keldi. Ikkala taksi dansing yonida to‘xtadi. Mashinalardan jemper kiygan va kamzulsiz yoshlar tushishdi. Eshikdan tushib turgan yorug‘da ularning qo‘llariga va yaqinginada yuvilgan jingalak sochlariga ko‘zim tushdi. Eshik yonida turgan politsay menga qarab kulib qo‘ydi. Ular qo‘llarini siltab, aftlarini burishtirib valaqlashib kirib kelishganda elektr yorug‘ida oppoq qo‘llarini, jingalak sochlarini, oqish yuzlarini ko‘rdim. Bret ular bilan birga edi. U haddan tashqari go‘zal bo‘lib, o‘zini xuddi eski ulfatlari davrasida yurgandek his qilardi.
– Mana bunisi ajoyib, – dedi Jorjetga ko‘zi tushib qolgan yoshlardan biri. – G‘irt suyuqoyoqning o‘zi. U bilan bir raqsga tushib ko‘ray. Lett, tomosha qilishing mumkin.
– Iltimos, hushingni yig‘ib ol, – dedi Lett ismli bo‘ydor, qora soch yigit.
– Xavotir olma, mening baxtim, – javob berdi jingalaksoch malla. Bret ham o‘shalar bilan birga edi.
Jahlim chiqib ketdi. Nimagadir ular nuqul g‘azabimni qo‘zg‘atishardi. Ularni o‘yinqaroq yoshlar qatoriga qo‘shishlarini, ularga nisbatan muruvvatli bo‘lish lozimligini bilardim-u, biroq tantiqnamo bezbetliklari uchun kayfiyatlarini buzish uchungina birortasini, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kaltaklagim kelardi. Buning o‘rniga ko‘chaga chiqib, qo‘shni dansingning barida bir finjon pivo ichdim. Pivo badxo‘r ekan, ustidan konyak ichgandim, u ham beshbattar lohas qildi. Dansingga qaytib kelganimda maydoncha juft-juft yoshlar bilan gavjumlashib qolgandi. Jorjet esa bo‘ydor malla bilan raqs tushmoqda edi. Malla belini mayishtirib, boshini bir yonga qiyshaytirib, ko‘zini olaytirib raqs tushardi. Raqs tugab ikkinchisi boshlanishi bilan Jorjetni yana taklif qilishdi. Ular Jorjetni o‘z ulfatlariga qo‘shib olishgandi. Endi ular ning hammasi u bilan raqs tushishini bilardim. Ular hamma vaqt shunaqa qilishadi.
Stolning yoniga borib o‘tirdim. Kon ham o‘tirgan ekan, Frensis raqs tushayotgandi. Breddoks xonim kimnidir boshlab keldi-da, Robert Prentis, deb bizga tanishtirdi. U asli chikagolik bo‘lib, Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi umidli yozuvchi ekan. Yengil inglizcha talaffuzda gapirarkan. Men unga biror nima ichishni taklif etdim.
– Minnatdorman, hozirgina ichuvdim, – dedi u.
– Yana ichaqoling.
– Mayli, ichaqolay.
Biz mademauzel Lavinni imlab chaqirdik-da, bir stakandan suv aralashtirilgan konyak keltirishni buyurdik.
– Eshitishimcha, siz Kanzas-Sitidan ekansiz-a? – so‘radi u.
– Ha.
– Sizga Parij yoqadimi?
– Ha.
– Rostdanmi?
Biroz kayfim bor edi. Unchalik mast emasdim-u, lekin betakalluf gaplashish uchun yetarli edi.