Buch lesen: «Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?»
YASAMA YO‘LBARS HANGOMASI
E, oshnajonlar-a, ja g‘alati ish bo‘ldi-da. Ikki oyoqda unchalik lapanglamasdan yura olishimga qaralsa, harqalay, odam desa degulik bo‘z bola edim, ko‘zni bir ochib yumguncha to‘rt oyoqli kuchukchaga aylanib o‘tiribman-ku. Bu ko‘rgilikning yuz berishi oltinchi sinfga havva-huvva ko‘chvolgan paytimga, qiyqiriqlar bilan boshlangan yozgi ta’tilning qoq beshinchi kuniga to‘g‘ri keldi.
Bungachayam boshimdan g‘alva arimay turuvdi o‘zi. Uch oylik hordiq e’lon qilingan zahoti, “Kallani ishlatishdan qutildiiik!” – deb hayuvlaganimcha xonadan shunqorlanib chiqayotib, uzunyo‘lak shiptidagi qandilning kuyik nokchirog‘ini almashtirayotgan elektrchiga urilib ketganimni; u desangiz, to‘g‘rima-to‘g‘ri yiqilavermay, oyog‘i ostidagi stuldan, chechan futbolchiga o‘xshab, qaychi usulida teskarisiga umbaloq oshganini; qo‘lidan uchgan nokchiroq devorga paqillab tegib, shisha siniqlaridan biri pol yuvayotgan farroshning burniga sanchilib qolganini aytmasam, ta’tilning birinchi kuni men uchun ortiqcha mashmashasiz o‘tgandek edi. Ikkinchi kungi qilig‘im andak chakkiroq bo‘ldi, menimcha.
O‘shanda, behining qayishqoq shoxidan kamon yasayotib, bu ishning chakki tomoni bo‘lishi mumkinligi sira-sira xayolimga kelmagandi. Olti yasharligimdan beri kamon otaman. Uni qanday yasashni, bir gal opog‘otamnikiga borganimda, kichik tog‘am o‘rgatgani esimda. Bu orada, tokdagi uzumlarimizni, ayniqsa, ertaki quvonchqoralarni yopirilib cho‘qilovchi qancha-qancha qushning patini to‘zg‘itdim, qancha-qancha it-mushukka jarohat yetkazdim. Muzloqda sirpanib o‘ynayotganimda boshimdan uchib tushgan quyonteri telpagimni chaynab qo‘ygan, qishlog‘imizdagi eng sayoq, eng surbet ko‘ppak sanalmish Oqchoponning o‘ng ko‘ziniyam men ko‘r qilganman.
Kamon bitgach, qurigan qamishning silliq g‘arovi ichiga uchi bigizdek o‘tkirlangan cho‘pni suqib, chiylangan ipda mahkamlab bog‘ladim. O‘q-yoy ham tayyor bo‘ldi. Bir zamonlar, hatto Alpomishdek pahlavonlarimizga asqatgan qaqshatqich qurolning zabtini sinash istagida to‘rt tomonga alangladim. Kechpishar toshnokning ustida chaqchayib turgan hakka Alpomishga ko‘p yomonliklar qilgan Surxayl kampirga o‘xshab ko‘rindiyu, unga tish qayraganimcha, kamondan o‘q uchirdim…
Qarabsizki, yana xarxasha chiqib turibdi-da!
Xo‘sh, jodugarni eslatuvchi lo‘liko‘z qushga o‘q otishning qanaqa xarxashasi bor ekan, dersiz. Agar, o‘q hakkaga tegmasdan o‘tib, devor ortidan: “Qaaaq! Qaqaaaq!!!” – degan nola eshitilmaganida, hamma ish sippa-silliq kechgan bo‘lardi, albatta. Jon holatdagi qaqag‘lashlarga qo‘shnimiz Mahay xo‘rozbozning: “E, voh! “Samuray”imni o‘ldirib qo‘yishdi-ku!” – degan vag‘illog‘i qo‘shildi. Sal o‘tmay, hovlimizda o‘zi ham paydo bo‘lib, bu yengilmas xo‘rozni qo‘tosdek keladigan qo‘chqorimga alishtirganidim, endi Xo‘ppakallangni og‘ilimga bog‘lab qo‘yasan, deb so‘lak sachratgan kuyi, meni tizg‘itishga tushdi. Pirpiraklanib, ko‘chaga qochdim.
Haytovur, Xo‘ppakalla degan urishqoq qo‘chqorimiz o‘zimizda qoldi, “Samuray”ning qanoti bor-yo‘g‘i andakkina lat yegan ekan. Xudo bir saqladi-yov!
Uchinchi kun, aslida, xuddi so‘qmoqqa suv sepgandek bo‘lib, hech bir chang-to‘zonsiz o‘tishi kerak edi. Chunki, ko‘chaga chiqayotib, yetar, bugun ko‘n-gilning gapiga kirish yo‘q, buvim sho‘rlik meni tergayverib holdan toydi, davrimda bir yayrab dam olsin, deb ichimdan tuginib qo‘yuvdim. Bekor turmaslik, omadim yurishsa, bironta qariyadan duo-puo eshitib qolish niyatida “uloqchi” bolachoqlardan birining cho‘bak otini tortib oldim-da, ariqdagi kattaroq toshlarga qadalib qolgan turli qog‘oz-u xashaklarni “saman tayoq”da qirg‘oqqa surib, suv yo‘lini tozalashga tutindim. Shu pallada uzoqdan mahalla sartaroshi Baraka-marakaning: “Eshvoynikiga ma’rakagaaa!” – degan chinqirig‘i taraldi. To‘satdan miyam tumanlashdi.
Qishloqni aylanib, erinmay surishtirib ko‘ring, Baraka-marakani yoqtiradigan biron-bir bolani topib bo‘psiz. To‘yda kichkintoylarga kun bermaydi, bir dasturxondan nariga haydasa, bir shovqinimiz yuragiga sig‘may qoladi. Ayniqsa, To‘lan-to‘lpoq qizini uzatgan to‘yda qozonga yaqinroq borganimni bilaman, yelkamdan vahshiylarcha tutamlab, ayamay siltab tashlagani po‘kanimga zildek botganidi.
Velosiped minib olgan usta, odamlarni tekin oshga chorlagan asno, tobora yaqinlashib kelaverdi. Yaqinlashayotib, menga xiralanib qarash o‘rniga, balli, Mo‘ttivoy, ariq tozalashning savobi katta, deb o‘tsa, burni bujmayib qolmasdi. Yo‘q, o‘sha turq, o‘sha bashara.
E, qaysarligim qursin – qo‘limdagi tayoqni velosipedining old g‘ildiragiga qanday tiqqanimni bilmay qolibman. Odam uchmaydi, degan gap yolg‘on ekan. Oldindagi g‘ildirak taqqa to‘xtab, velosipedning orqa tomoni tepaga ko‘tarilishi bilanoq, usta Baraka-maraka:
“Eshvoynikiga maaa…” degan asno havoda shunaqangi tekis uchishni boshladiki, buni qaysidir lochin panadan ko‘rib turgan bo‘lsa, hasaddan kuyib o‘lishi aniq edi. Tekis uchishdan tashqari, ancha uzoqqa uchdi. Ammo, hay, darig‘, deb qo‘yish kerak, qo‘nishi jichcha pala-partish tus oldi. O‘zidan ko‘rsin, uni binoyidek uchirdim, qo‘nishni eplolmasa, men nima qilay?
To‘rtinchi kunga o‘tar kechasi odamning zavqini chuchvaraqaynar qilvoradigan qoyilmaqom tush ko‘rdim. Shu desangiz, xachirdan sal chog‘roq bir yo‘lbarsga dangal tashlanib, tappa bosib yiqitibman. Keyin, uning bo‘ynidan bog‘lavolib, qishloqda ko‘chamako‘cha kezaverdim. Menga ko‘zi tushgan odam borki, quloq-burunli ustunga aylanib, joyida dong qotib qolaverdi.
Uyg‘onib, nonushta qilyapman-u, o‘ngimdayam xaloyiqni qandaqasiga angraytirib qo‘ysam ekan, deb o‘ylanaman xolos. Oxiri, kallajonimda ajoyib bir fikr charaqladi…
Buvim, tirikchilikning ketidan quvib, qo‘y boqib turadi. Ikkita sovliqdan tashqari, kinnang ichingda ketgur Mahay xo‘rozbozning aytishicha, quyrug‘idagi yukning o‘zi ikkita polvonning belini sindiradigan o‘sha Xo‘ppakalla qo‘chqorimiz ham bor. Bo‘rdoqiligidan beso‘naqay ko‘rinishiga qaramay, qo‘ylarni yaylovchaga haydab borsam, sheriklari singari indamasdan o‘tlayvermay, uchragan hayvonga kalla solib, bo‘ridek tezgir quvalashga tushadi.
O‘ylab qo‘ygan maqsadimni yuzaga chiqarishdan oldin qo‘ylarni yaylovchada o‘tlatib, uyga peshinda qaytdim. Tushlikdan sal o‘tiboq, buvim bo‘g‘chaga ko‘rmana tugib, xolamning nevarasiga qilinayotgan beshik to‘yiga jo‘nadi. Xoli qolgach, dimog‘imda xirgoyilanib, bemalol yumushga berildim:
U qizga-yu bu qizga
Chalib berayin sibizg‘a.
O‘yinchi qizlar ichida
Nima bor Suvon semizga?
Maydalab bosib o‘ynasin,
Patini yozib o‘ynasin…
Ishni yungi kechagina qirqilgan Xo‘ppakallani qoziqqa kaltalatib bog‘lashdan boshladim-u, tanasiga o‘rikning yelimi aralashtirilgan tezakni surtib, qo‘ng‘ir rangga bo‘yab chiqdim, qozonkuyada yo‘l-yo‘l chiziqlar tortdim. Keyin, boshiga kanop xalta kiydirdim, qaychida ikkita ko‘z ochdim, jag‘i bilan bo‘ynining atrofiga uvada tiqib, yo‘lbarsning kallasidek qilib shishirdim, uniyam ola-bulaga bo‘yadim. Tumshug‘iga tishlari irshayib turgan kattakon og‘iz chizdim. Chipor arqondan dum yasab, orqasiga osiltirdim.
Vah! Yo‘lbarsmisan yo‘lbars bo‘ldi!
Sinfdoshim Parpivoynikiga kirib, jahonda hali hech kim ko‘rmagan chingilin tomosha boshlamoqchi bo‘pturganimni aytdim-da, ozgina ko‘mak so‘radim. Xayriyat, bo‘yin tovlamadi – “video”sidagi multfilmdan yo‘lbarsning turlicha nag‘madagi irillashu bo‘kiriqlarini qo‘l telefoniga yozib, vaqtinchalikka menga berdi.
Ishni bitirgunimcha qosh qoraydi. Yana biroz kutdim. Tuzukroq qorong‘i tushib, guzaru simyog‘ochlardagi chiroqlar yoqilgan mahalda, Xo‘ppakallaning boshiga kiydirilgan kanop xaltaga telefonni tiqib, arqonni qoziqdan yechdim; lozimandadan endigina qaytgan buvimning ko‘zini shamg‘alat qilib, ko‘chaga sekingina yetaklab chiqdim.
Ko‘cha bo‘m-bo‘sh edi. Guzardagi choyxona tomonga borayotib, Parpivoyning telefonini shovqinlatib ishga soldim. Yo‘lbarsning irillagan tovushi yangrashi bilanoq, qo‘chqor jon halpida potranishni boshlab, meni turtib yiqitganicha, ko‘chada sakranib-sakranib chopa ketdi. Ariqdan suv olayotgan Jamila opaning paqiri qo‘lidan tushib, dod-voy bilan uyiga poyga qo‘ydi.
Qishlog‘imiz stadioniga ko‘chma ajoyibxona kelib, anchadan beri tomosha ko‘rsatayotgandi. Choyxona ayvonidagi so‘rilarni to‘ldirib o‘tirganlardan biri: “Iye, ajoyibxonadagi yo‘lbars qafasdan qochibdi-ku!” – deb baqirganini biladi, hamma to‘rt yoqqa tum-taraqay bo‘ldi.
Shilingan tizzamni ishqalay-ishqalay, yiqilgan joyimdan asta qo‘zg‘alayotganimda, mistovoq ko‘targan choyxonachi uchqurlab kelib, tepamdan mushukdek irg‘ib o‘tdi. Mistovoqdan to‘kilgan novvot bo‘lagini uvol qilmay, tezda tilimning ustiga tashladim. Hali turib ulgurmasimdan, endi Mahay xo‘rozboz chap qo‘lida choynak, o‘ng qo‘lida piyola bilan menga qora bulut uyuridek yaqinlasha boshladi. O‘zi nima ahvolda-yu, ora-sira choyni ho‘plab-ho‘plab qo‘yadi deng. Bu gal ustimga qaynoq choy to‘kilishidan cho‘chib, yo‘lni bo‘shatish uchun chetga yumalandim.
Boshimga qop-qop kulfat orttirganimni payqab, o‘rnimdan turib-la, qo‘chqorning iziga tushdim. Bo‘ynidagi telefondan tinimsiz ravishda o‘kirig‘u irillashlar taralayotgan Xo‘ppakalla choyxonadagilarni to‘zg‘itib bo‘lgach, o‘zini ko‘chaning u yuzidagi darvozaga urib, Toshpo‘lat merganning uyiga kirib ketdi. Izma-iz darvozadan o‘tganimni bilaman, ayvonda televizor ko‘rib o‘tirganlar irilloq maxluqqa tikilgancha ayyuhannos sola ketishdi, keyin biri eshikdan, biri derazadan uyning ichiga otildi.
Qo‘chqorni ana ushladim deganimda, tomorqaga qarab qochdi. G‘o‘zapoyadan qilingan chovrani buzib o‘tayotgan vaqtda, Toshpo‘lat mergan o‘zini o‘nglab ulgurgan bo‘lsa kerak, miltig‘ini varanglatib, osmonga o‘q uzdi.
Xo‘ppakalla chovradan o‘tib, endi To‘lan-to‘lpoqning hovlisida g‘irro-g‘ir aylanishga tushdi. Yaqindagina to‘y qilgan To‘lan-to‘lpoq olti paqir suv sig‘adigan, keksalar “choyqozon” deydigan alumin samovarni mahalla omboriga topshirib ulgurmagan ekan, qo‘chqor bir kalla qo‘yishda shuni paqqos qiyshaytirib tashladi.
Samovarning bejo daranglashi sergak torttirdimi, To‘lan-to‘lpoqqa qo‘shilib, xotini va bolalari ham uydan ketma-ket chiqib kelishdi. Chiqiboq, bari tengdan so‘rrayib qoldi. To‘y kuni tashqidagi xurmo shoxiga osilgan ikki yuz shamli chiroq quyoshdek charaqlab tovlanayotgani uchun, to‘nkarib qo‘yilgan doshqozon atrofida beto‘xtov chopayotgan yasama yo‘lbars kaftdagidek aniq-tiniq ko‘rinib turardi.
– Bolalarni uyga hayda! – deya xotiniga qichqirdi To‘lan-to‘lpoq. – Yo‘lbarsga yem bo‘lmay desang, eshikni ichkaridan tambala!
Tap tortmasdan “yirtqich”ni quvib yurganim unga dalda berdi shekilli, To‘lan-to‘lpoq yerda yotgan ketmonni qo‘lga olib, o‘zini himoyalashga shaylanarkan: “Joningdan to‘ydingmi, Mo‘ttivoy? Bu yoqqa yugur!” – deb qichqirdi menga.
Choyxonadan qochganlarning ba’zilari ko‘cha devordan hovliga mo‘ralab turgan ekan, ular ham birinsirin baqira ketdi:
– Qoch, Mo‘ttivoy! O‘zingni uyga ur!
– Yosh joningga jabr qilma!
– Ochga o‘xshaydi bu yo‘lbars, tilkalab qo‘yadi-ya!
Shu payt, buzilgan chovra tomondan Toshpo‘lat merganning qaldiroqli ovozi yangradi:
– O‘zingni chetga ol, Mo‘tti! Bu odamxo‘rni otib qo‘yaqolay endi!
Shunday deya, qo‘shotar miltig‘ini nishonga to‘g‘rilaganida, To‘lan-to‘lpoq: “Otma, xumkalla! Davlatning yo‘lbarsi qimmat turadi, mashinangni sotib ham uzolmaysan!” – deb bo‘kirdi. Bu ogohlantiruvdan so‘ng, Toshpo‘lat mergan shippa shashtidan tushgan bo‘lsada, erkakcha gapim yelga sovrilmasin deb o‘yladimi, oyni urib tushirmaguncha ko‘ngli to‘lmaydigandek, osmonga qaytadan o‘q otdi.
Xo‘ppakalla miltiqning gumburlashidan cho‘chib yiqilgani o‘ng‘aylik tug‘dirdi-yu, turayotganida ustiga tashlanib, qo‘llarimni bo‘yniga chirmadim. Qo‘chqor meni sudragan kuyi, doshqozonning tegrasida chambaragulchin aylanaverdi; telefondan chiqayotgan yo‘lbarsona na’ralar uning ora-sira xirqiroqlanib babalashini ko‘mib yuborayotgandi.
Chetdan xilma-xil nidolar taraldi:
– Vahh!!!
– Hayhay-ov!!!
– Yo, qudratingdan!!!
– Bu bola odammi, shaytonmi?!
Tushim o‘ngidan kelib, orzuyim ushaldi. Akang qarag‘ayning to‘s-to‘zonli olishuvini kuzatib turgan qo‘shko‘z banda borki, yoppasiga anqaytirib tashladim.
Terga botib ketgan Xo‘ppakalladan qo‘lansa bug‘ ko‘tarildi. U, meni chetga itqitish umidida, xo‘tikdek shataloqlashga tushdi; oxiri, dorda yoyiliq turgan sholchaga urilib, yonboshga ag‘anadi. Sholchani epchillik bilan uning ustiga yopib, tipirchilatganimcha bosib turaverdim. To‘lan-to‘lpoq ketmonini, Toshpo‘lat mergan miltig‘ini tashlab, ko‘makka shoshilishdi. Devordan mo‘ralab turganlar ham, menga tasanno yog‘dira-yog‘dira, hovliga yopirilib kira boshladilar:
– Yuragingga qoyil, Mo‘ttivoy!
– E, otangga balli, sherbola!
– Sen alamazondan bir ish chiqishini bilardim!
– O‘g‘ilbola degani mana shunaqa o‘tbosar bo‘lishi kerak-da, og‘aynilar!
Boshimdan jala bo‘lib quyilayotgan olqishu maqtovlar menga asalchoydek yoqayotgan edi. Bilaman, saldan keyin bularning bari so‘kinish-u qarg‘anishlarga aylanadi. Tarsakilar yog‘ilishiyam hech gapmas. Ishqilib, qattiqroq tepki yemasam bo‘lgani.
YURAKDAN CHIQQAN QARG‘ISH
Nimasini aytay, bu galgi qilig‘im hammasidan oshib tushdi. Qadimgi zamon bo‘lsa, mahalladagilar meni eshakka teskari mindirib sazoyi qilishlari aniq edi; ularga ming rahmat deyish kerak, ortimdan kesak otganlaricha, bir yarim soatgina quvib yurishdi xolos. Qorong‘idan foydalanib, oxiri chap berib ketdim.
Tun men uchun og‘irdan og‘ir kechdi. Tug‘ilganimdan beri birinchi marta molxonamizning chordog‘ida uxlab ko‘rdim. Shuyam uyqumi – bir ko‘zing ilinadi, bir sapchilab uyg‘onasan. Sichqon nimanidir qitirlatayotgani, qo‘ng‘izning g‘o‘ng‘illab o‘tishi, itlarning ulishi, mushuklarning vag‘illog‘i, hatto yaproqlarning shitirlashi ham kechasi qo‘rqinchli eshitilarkan.
Tong otib-otmasidanoq junjikib uyg‘ondim. Uyqusirab turtinganimcha chordoqdan tusharkanman, ta’tilning endi-endi boshlanayotgan beshinchi kuni turmush tarzimni butkul ag‘dar-to‘ntar qilvorishligini hali bilmasdim.
Tashqidagi ko‘rada yuzimni yuvib, qo‘limni qo‘ltig‘imga, betimni etagimga artdim. Borib, uy eshigini ozgina qiyalatdim-u, xonaga boyo‘g‘lidek mo‘raladim. Buvim namoz o‘qiyotgan ekan, ichkariga tashlagan qadamimning sharpasini sezgan zahoti pichirlashlari ham, bukilib-tiklanishlari ham birdaniga tezlashdi, sal o‘tmay, shosha-pisha duoga qo‘l ochdi. Odob yuzasidan to‘shakka tizzalab, men ham ikkala shapalog‘imni yoydim, buvimga qo‘shilib, suzilganimcha yuzimga fotiha tortdim.
Buvim joynamozni yig‘ishtirib bo‘liboq, yaxshi yotib-turdingizmi, mehribonim, degan gapimni zarracha mensimay, indamasdan borib, uy eshigini ichkaridan mahkamlab yopdi. So‘ng, aniq maqsadda ilgaritdan tayyorlab qo‘yilgan xivichni sholchaning tagidan oldiyu, kela solib, boldirimga beayov charsillatishga tushdi:
– Mana senga yo‘lbars! Mana senga odamlarni mazaxlash! Mana senga mahallani alg‘ov-dalg‘ov qilish! Seni deb choyxonada qancha-qancha choynak-piyola sinibdi… Mana! Seni deb ko‘pchilikning choy-qozoni majaqlanibdi… Mana! Seni deb Toshpo‘lat merganning ikkita o‘qi isrof bo‘libdi… Mana! Eng yomoni – Jamilaxon sho‘rlik qattiq qo‘rqib ketib, oy-kuni yetmasidan tug‘ib qo‘yibdi… Mana! Mana! Qachon esing kiradi, oshing sovumagur? Qachon qulog‘imni tinch qo‘yasan? Mana senga! Mana bo‘lmasa!..
Boldirimga kaltak yog‘ilaverdi, men: “Voyey! Voyey!” – deyish bilan cheklanib, ortiqcha vavag‘lamasdan irg‘ishlayverdim. O‘ylashimcha, odamning tirikligi har xil qiynoqlarga yo‘liqib turishidan bilinadi. Bunaqada tishni tishga bosib chidash kerak. Uvvos solib yig‘lash o‘g‘il bolaning qimmatini bir pul qiladiqo‘yadi.
Baxtimga, xudo buvimni vaqtida qaritib, kuchini ulgurjisiga kamaytirib tashlagan ekan, tezda sillasi qurib, tappa o‘tirib qoldi. Hansiroqlanib kaltak o‘ynatganicha tag‘in nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu, ko‘ksiga to‘satdan qo‘l bosib, silkina-silkina yo‘tala ketdi. Xontaxtadagi termosdan quyib uzatgan choyimni ketma-ket ho‘plab, arang o‘ziga keldi. Kechki ovqatdan quruq qolganim tufayli ochqagandan ochqab ketuvdim, gapni buramalab o‘tirmay, ko‘zimda ilkillab turgan yoshni yengim bilan artaturib, hingilloq tovushda to‘g‘ridan to‘g‘ri muddaoga ko‘chdim:
– Choyni bitta o‘zi ichaverish ekan-da? Bizgayam navbat tegarmikin?
– Beting charmdan battar qatib ketibdi, – deb xirqiroqlandi buvim. – Kaltakning jizillog‘i bosilmasidan, tomoqni o‘ylayotganingni qara. Ee…
– Kaltakdan o‘lmaganimga suyunib o‘tiraversam, ochdan o‘laman-ku, buvi!
Buvim, ustma-ust tomoq qirib olib, endi xirqiramasdan, hafsalasiz kayfiyatda dedi:
– Ana choy, ana non. Tosrayib, jig‘ildoningga tiqaver.
– Qand-chi, qand?
– Bor, qara, idishda qand tugul, qandning kukuniyam qolmabdi. Bir kilo narsani o‘n kundayoq yamlab qo‘yibsan. He, yeganing tanangga botgur-a!
Qoqmoch qatlamapatirni o‘zimizning oq kishmishdan quritilgan mayizga qo‘shib, tanamga botguncha yeyaverdim. Choyning salomatlikka qanday foydasi borligini bilmadim-u, lekin ikkala lunjingga to‘lib ketgan yemishni tomoqqa tiqiltirmay o‘tkazvorishda rosa asqatadi. Buni tetapoyalab yura boshlaganimdan beri bilaman.
Nafsimni o‘lda-jo‘lda qondirib bo‘lib, qittak mudrab qolibman. Tekin taom ilinjida izg‘ib yurgan bir pashsha qulog‘imga “tirk” etib urildi-yu, kipriklarim “chirk” etib ochildi. Derazadan o‘t purkayotgan quyoshning yorug‘i ko‘zimni qamashtirib, qovoqlarimni qo‘shqo‘llab ishqalashga tutindim. Miyam varaqa-vuruq qaynayotganga o‘xshardi.
Tashqariga chiqqach, ko‘radagi suvni manglayimga bosa-bosa, esimni jippa jamlab oldim. Boshim tekis ishlashga tushib, umrimni qanday davom ettirish to‘g‘risida yoyilibroq o‘ylashga sharoit tug‘ildi.
Xo‘sh, bugungi kunimga qanaqa qiliqlar yarashar-kin? Jamila opanikiga kirib, tuqqan bolasi o‘g‘ilmi, qizmi, bir surishtirib ko‘rsammikan? Yo, choyxonadagilarga yo‘liqib, uzr-ma’zur aytib qo‘yganim tuzukmi? Menimcha, sal uzoqroqda turib kechirim so‘ragan yaxshi. Qayoqdan bilay, balki, kimningdir g‘azabi hali tiyilmagandir…
Qani, oldin uydan nari chiqaveray-chi. Ta’bimga shundoqqina mos tushuvchi biron-bir yumushni, har safargidek, ko‘chaning o‘zi topib beraveradi.
Joyimdan siljiganimni bilaman, buvim oshxonaning ochiq darchasidan o‘qrayib, ha, yo‘l bo‘lsin, deb so‘radi. To‘xtab, talmovlanib turaverdim.
– Bas! Ko‘chaga chiqish yo‘q endi! – deb bobillay ketdi buvim. – Ana, hayhotdek hovlimiz bor, xohlasang – u chekkasida sandirang‘la, xohlasang – bu chekkasida. Biror kun bo‘lsayam, odamlar sendan qutulsin.
– Men… men… opog‘otamnikiga ketyapman, – dedim, kallamga kelgan birinchi o‘yni tilimga ko‘chirib. – Bu mahallada kun ko‘rishim qiyinga o‘xshaydi. O‘sha bo‘jiko‘z odamlaringiz jonimni hiqildog‘imga keltirdi. Biror hafta shulardan uzoqda yursam, etimga et qo‘shilardi.
– Menga desa, bir haftamas, bir oy gumdon bo‘pket!
Sezib turibman, buvim bu gapni achchiq ustida aytvordi. Qanchalik jig‘iga tegmayin, meni ikki kun ko‘rmasa, yolg‘izlikdan sabri titilib, sog‘inishga tushadi. Qishki ta’til chog‘i opog‘otamnikiga ketganimda, uchinchi kuniyoq talpanglab borib, izimga qaytarib kelganida bilganman buni.
Xulq-atvorim sal mujmal ekanini o‘zim ham tan olaman. Ammo tuzi pastroq qiliqlar qilib qo‘yishimga ko‘pincha boshqalar sababchi bo‘ladi-yu, doim bitta o‘zim baloga qolaman. Agar, ko‘chaga chiqqach, telefonini berib qo‘yishga kirib, tashqida kumushrang uchog‘ini osmonga uchirib o‘ynayotgan pashmaksoch Parpivoyni ko‘rmasam, u irshayib boqib, qism-qismga ajratib sotiladigan bu “qiruvchi samolyot”ni dadam shahardan opkeldi, qog‘ozdagi ko‘rsatmaga qarab uni o‘zim tikladim, manavi tugmani bossang, ichidagi kuchalatosh parrakni varillatib aylantirishga tushadi, deb maqtanmasa, opog‘otamning uyigacha to‘xtamay ketavergan bo‘lardim.
– Televizordagi bir kinoda ko‘ruvdim – mana shunga o‘xshagan uchoqni zenit zambaragida otishsa, orqasidan tutun chiqarib, yerga shunaqangi chiroyli quladiki!
Bu gapimni eshitib, avvaliga Parpivoyning qiziquvdan ko‘zi chaqnadi, so‘ng, tuyqus hushyor tortib, telefonimning oynasini yorgandek, samolyotimniyam rasvo qilmoqchimisan, deb taysallandi.
– Qo‘rqma, buningga ziyon yetmaydi, orqasiga bog‘langan lattani tutatib uchiramiz xolos, – deb aql o‘rgatdim.
Parpivoyning ko‘ngli tinchidi. Maslahatimga ko‘ra, omborchaga kirib, yirtiq paypog‘ini kerosinga botirib chiqdi. Xayriyat, gugurt olvolishniyam unutmabdi.
Birgalashib ko‘chaga yo‘naldik; choyxonaning berirog‘idagi kengroq joyga borib, paypoqni uchoqning dumiga bog‘ladik. Men gugurt chaqib yoqishim bilanoq, Parpivoy parragi varillab turgan uchoqni bir siltab, osmonga uchirdi. Dum tomoni og‘irlashgani xalaqit berdimi, “qiruvchi” lapanglab-lapanglab uchib, birdan pastga sho‘ng‘idi.
Guzardagi yalanglikning to‘risi choyxona bo‘lsa, ko‘ndalang tomonida sartaroshxona bilan qassobxona bor. Qassobxonaning biqiniga keng qizil soyabon o‘rnatilgan. Soyabon tagida o‘zi uyida pashmak, holva, novvot, xo‘rozqand, chaynamayshiming tayyorlab sotadigan, menga bag‘ri ochiqdan ochiq Momogul qandolatchi o‘tiradi. Bag‘ri ochiqligi shundaki, tog‘dagi konda ishlab, qishloqqa uch-to‘rt haftada bir kelib-ketuvchi dadamdan birato‘la undirib olishini aytib, menga shirinliklarni nasyaga beraveradi.
Qandolatchining qizil soyabonidan sal berida tandir yuklangan eshakarava turuvdi, uchog‘imiz lovullaganicha tushib, eshakning belginasiga urilsa bo‘ladimi!
Qishloq bolalari orasida “Hangirshteyn” laqabi bilan mashhur bo‘lgan qorapo‘stin eshakning tuklari jazillab lovullay boshladi-yu, bor tovushda hangraganicha, jitranglay ketdi. Qizil soyabonni yiqitib o‘tib, qassob-xonaga urilgan chog‘da, tandir aravadan uchib tushib, qirq bo‘lak bo‘ldi. Qiron qassob uzun pichog‘ini qilichdek viz-vizlatib, jabrdiyda Hangirshteynni nariga quvayotganida, ming shukurki, Baraka-maraka sartaroshxona derazasidan bir paqir suv sepib, o‘tni o‘chirdi. Choyxonadan quyunlanib chiqqan Sangin tandirchi yerda parchalanib yotgan tandirni ko‘rib, ayvon ustuniga suyangan alpozda shalviroqlanib qoldi.
Qilar ishni qilgin, qochishniyam bilgin, deganlar. Bu janjalistondan vaqtida g‘oyib bo‘lish uchun oyoqlarimni varvarakka aylantirganimda, ortimdan Sangin tandirchining baqirig‘i eshitildi:
– To‘xta deyman, itvachcha! Mendan qochganing bilan, xudodan qocholmaysan! Meni xonavayron qilganakansan, seni xudoyim o‘zi jazolasin – yarim odam, yarim it bo‘lib o‘tib ket!
So‘rg‘ich so‘rishdan allaqachon xalos bo‘lgan, qaddini ketmon sopidek tik tuta olish yoshiga yetgan odam bolasi o‘laroq ikki oyoqda tuppa-tuzuk yugurib ketayotganidim, yo‘lning muyulishidan o‘tganimda, etim g‘alati jimirlab, negadir, endi to‘rt oyoqlab chopa boshlaganimni payqadim. Sinchiklabroq qarasam, to‘satdan qo‘ng‘ir tukli old oyoqchalarga aylanib qolgan qo‘llarim yerni potira-putur changitganicha harakatlanib, burnim yerga tegay-tegay deb boryapman.
Qo‘rquvdan yuragim uzilib tushgudek bo‘ldi. Taqqa to‘xtab, bir o‘ng biqinimga, bir chap biqinimga ko‘z yugurtirdim. Bu yog‘imdayam, u yog‘imdayam o‘sha qo‘ng‘ir yunglar paxmayib turardi. Orqa tomonimda desangiz, buvimning hivichini eslatuvchi bir dum tinmasdan likillayapti. “Dod!” – deb qichqirmoqchi bo‘luvdim, og‘zimdan “vav, vav” degan ingichka sas taraldi.
Bir narsaga hayron edim – yungim nega aynan qo‘ng‘ir? To‘g‘ri, sochim kichkinaligimda sarg‘ishroq edi, ammo yetti-sakkiz yoshimdayoq o‘z-o‘zidan qorayib ketgan. Kuchuk bo‘lganga yarasha yo oppoq, yo ola-bula bo‘lsang-da!
Aldar Xoldorning eshigi yonidagi kajavali ko‘k mototsiklga yaqin borib, bir sakrashda egariga chiqdimda, ruldagi ko‘zguga bo‘ylandim. Qarasam, tumshug‘i bodringsimon, quloqlari qamishdek dinkaygan qo‘ng‘ir-bashara kuchukcha ko‘zlarini qitmirona yiltiratib, meni ermaklash bilan ovora. Itchasiga “Uvvv!” – deb yuborganimni bilmay qoldim.
Shunda, bir gap lop etib esimga keldi. “Bu dunyoda kulfat ko‘rmayin desang, qarg‘ishmas, duo eshitishga urinib yashagin. Avliyolarning aytishicha, Tangri har qanday odamga karam ko‘rsatib, yurakdan chiqarib qilgan iltijosini, u duomi, qarg‘ishmi, hech bo‘lmasa, hayotda bir marta yuzaga chiqararkan”, degandi buvim. Sangin tandirchi umrida, balki, milliard marta tutoqib, milliard marta so‘kingandir. Qarangki, eng yurakdan chiqarib aytgan qarg‘oviga men ko‘ndalang kepturibman-ku. Bu tandirfurush, bolaligida qaysidir nafasi o‘tkirroq odamning g‘azabini qo‘zitib, hu, soqov bo‘lgur, degan tavqi la’natga yo‘liqmaganidan behad afsuslanib ketdim shu topda.
Boshimda attanglar to‘zg‘ilanib, ingillay-hingillay yo‘l bosyapman-u, juftakni rostlash o‘rniga Sangin tandirchidan astoydil kechirim so‘rasam, og‘zim qiyshayib qolardimi, deb o‘ylanaman nuqul. Ja nari borsa, ikki-uch shapaloq yeb qutulib ketardim. Hatto, yalang‘och yotqizib qo‘yib, ho‘llangan so‘yilda savalasayam mayli edi. Harqalay, itga aylanib, egasiz itning kuniga tushmasdim.
Ko‘cha chetidagi qum g‘arami ustida qo‘rg‘oncha yasab o‘tirgan bolalarni ko‘rib, badanimga bezilloq oraladi. Masalan, ularning o‘rnida bo‘lsam, sang‘i itga tosh-posh otmay turaverishga chiday olardimmi? Hecham-da!
Toshbo‘ron qilmaslaridan burun, irillaganimcha borib, birontasining ishtonidan xappa tishlasammikin? Bu dunyoning ishlarini yaxshi bilaman – qopog‘ondan hamma o‘zini chetga oladi, qo‘rqoqni hech kim hurmat qilmaydi. Kunlarim izzatda o‘tsin deguchilar, jangarilik bilan yuvoshlikning o‘rtasini topib yashashni uddalashi kerak shekilli.
Der kostenlose Auszug ist beendet.